Xitoydan munosabat: Oʻzbekiston -Rossiya sammiti juda boy kun tartibi va amaliy natijalari bilan ajralib turdi

    Guanchjoudagi Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo tadqiqotlari instituti rahbari Jiang Lan Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning shu yil 26-27-may kunlari Oʻzbekistonga amalga oshirgan davlat tashrifi yakunlari haqidagi fikrlarini bildirdi:

    - Oʻzbekiston -Rossiya sammiti juda boy kun tartibi va amaliy natijalari bilan ajralib turdi. Anʼanaviy hamkorlar – Oʻzbekiston va Rossiya – oʻz eʼtiborini kelgusidagi strategik sheriklikning iqtisodiy tarkibiy qismiga qaratmoqda. Buni qator tadbirlar, shuningdek, ikki davlat rahbarlarining oʻzlari raislik qilgan Oʻzbekiston va Rossiya hududlari kengashining birinchi yigʻilishining yakunlari tasdiqlaydi.

    Rossiya delegatsiyasi tarkibida 30 ga yaqin hududlar rahbarlari va yetakchi sanoat korxonalari hamda tadbirkorlik subyektlarining 300 ga yaqin vakillarining tashrifi, shuningdek, Oʻzbekiston viloyatlari hokimlarining mazkur tadbirda ishtirok etishi investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga xizmat qiladi.

    Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi qoʻshma loyihalarning umumiy portfeli 45 milliard dollardan oshdi, yana 20 milliard dollarga yangi hamkorlik loyihalari boʻyicha kelishuvlarga erishildi. Bu esa joriy oʻzaro hamkorlikni yanada kengaytirish uchun katta salohiyat mavjudligini anglatadi.

    Bu haqdagi fikrini Jiang Lan “Dunyo” AA uchun intervyusida maʼlum qildi.