Langfandan (Xitoy) harakatlanuvchi birinchi poyezd (tarkibida qurilish materiallari boʻlgan 41ta vagon) safarga chiqdi.

Butun yoʻlning masofasi taxminan 6 000 kilometrni tashkil etadi va yukning umumiy ogʻirligi 1 000 tonnadan oshadi. Safar vaqti taxminan 12 kunni tashkil etadi. Qayd etish lozimki, hozirgi vaqtda ushbu yoʻnalish (quruqlikdagi) Xitoydan Oʻzbekistonga yuklarni yetkazib berish uchun eng qisqa va eng tezkor yoʻnalish hisoblanadi.

Yangi multimodal yoʻlak boʻylab tashish jarayoni joʻnash punktidan temir yoʻl orqali Qashqar (Xitoy) temir yoʻl stansiyasigacha amalga oshiriladi. Keyin esa, yuklar avtotransportga ortilib Osh (Qirgʻiziston) temir yoʻl stansiyasiga yetkaziladi. Osh stansiyasidan esa Toshkentgacha yuklar temir yoʻl orqali yuk poyezdi tarkibida yetkaziladi, deb xabar beradi Transport vazirligi matbuot xizmati.