Mamlakatimizning Xitoydagi elchixonasi tomonidan Oʻzbekiston Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi vakillari hamda eksport bilan shugʻullanuvchi oʻzbek tadbirkorlarining Xitoy Bojxona bosh boshqarmasi import va eksport mahsulotlari xavfsizligini nazorat qilish byurosi boshligʻi Bi Kesin bilan videokonferensaloqa tashkil etildi.

Onlayn-anjumanda Xitoy Bojxona byurosi tomonidan mamlakatga import qilinadigan mahsulotlarga nisbatan mahalliy qonunchilik doirasida qoʻyiladigan talablar xususida atroflicha fikr yuritildi.

Muloqot chogʻida Oʻzbekistonda eksportbop mahsulotlar sifatini oshirishga katta eʼtibor qaratilayotgani, ular inson salomatligiga putur yetkazuvchi zararli moddalardan xoli ekani va bu jarayon tegishli tashkilotlar tomonidan doimiy nazoratda turishi alohida taʼkidlandi.

Xitoy bozoriga 15 turdagi mahsulot eksportini koʻzda tutadigan fitosanitariya talablari boʻyicha idoralararo bayonnomalar imzolandi. Ular orasida gilos, qovun, yangi uzilgan va quritilgan achchiq qalampir, anor, mosh, kunjut, mayiz, quritilgan oʻrik, yongʻoq, yeryongʻoq, achchiq va shirin oʻrik danagi, uzum danagi, asal va boshqa mahsulotlar mavjud, deb xabar beradi “Dunyo” AA.