Viloyat hokimi Xitoyning qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻchiligi sohasida eng yirik muassasalaridan biri – Pekin qishloq xoʻjaligi va oʻrmonchilik akademiyasi qoshidagi ilmiy-tadqiqot markazi vakillarini qabul qildi.
Uchrashuvda Fargʻona viloyatida qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻchiligi sohasida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Xitoyning Oʻzbekiston kabi kontinental iqlimga ega hududlari uchun qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻlari ishlab chiqish, yetishtirish, mevali daraxtlarning serhosil va chidamli koʻchatlari seleksiyasi bilan shugʻullanadigan ushbu markazda 1200 nafar professorlar ish olib borishini maʼlum qilgan mehmonlar, oʻzlari ishlab chiqayotgan urugʻlar va koʻchatlar Fargʻona viloyati iqlimiga juda mos kelishini qayd etdilar.
Hamkorlikning dastlabki bosqichida tajriba sifatida viloyatimizda maʼlum bir maydonda gʻalladan keyin ozuqa-yem uchun moʻljallangan makkajoʻxori oʻrniga Pekin qishloq xoʻjaligi va oʻrmonchilik akademiyasi qoshidagi ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan ishlab chiqilgan, jahon bozorida katta talabga ega boʻlgan shirin makkajoʻxorini ekishni yoʻlga qoʻyishga kelishib olindi. Xitoy makkajoʻxorichiligida asosiy oʻrinni egallab kelayotgan ushbu urugʻni, hozirda Vyetnam va Pokistonda ham juda katta maydonlarda ekish yoʻlga qoʻyilgani, ushbu mamlakatlar yetishtirgan mahsulotlar toʻlaligicha xorijga eksport qilinayotgani bildirildi.
Bu maqsadda viloyatimiz seleksioner-olimlari hamda qishloq xoʻjaligi sohasi vakillaridan iborat delegatsiya kelgusi oyda Pekinga borib, ilmiy-tadqiqot markazi mutaxassislari bilan birgalikda makkajoʻxori urugʻining tajriba partiyasi birgalikda tayyorlashda ishtirok etishi belgilandi.
Kelgusida boshqa ekinlar uchun hosildor urugʻlarni yetishtirish, viloyatimizdagi eski bogʻlarni intensivlashtirish borasida ham hamkorlikda ish tashkil etish imkoniyatlari muhokama qilindi.