Okeanologiya universiteti rektori oʻzbek olimlari, agrar tarmoq mutaxassislari bilan amaliy hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Aniq takliflar ham yangradi: oʻzbek-xitoy laboratoriyasini tashkil qilish. U shoʻrlangan va qurgʻoqchilikka uchragan yerlarda qishloq xoʻjalik mahsulotlarini yetishtirishga ixtisoslashgan boʻladi. Ilm amaliyotga yoʻnaltiriladi.
Yerning holati, degradatsiyaga uchrash sabablari, yechim va hosildorlik asoslari ishlab chiqiladi. Asosiy eʼtibor aynan laboratoriya tekshirishlari natijasida mamlakatimizda shoʻrlangan yerlarda qaysi mahsulot yetishtirish mumkin, ularni qaysilarini yer imkoniyatlariga moslashtirish mumkin, talab va taklifdan kelib chiqib iqlimiy sharoitlarni hisobga olgan holda 2-3 marotaba hosil olish, takroriy ekinlardan samarali foydalanish masalalariga qaratiladi.
Loyihaning birinchi bosqichida Orolboʻyi hududlarida ilmiy izlanish olib boriladi. Ekin ekish sharoiti mavjud boʻlmagan yerlarda mahsulot yetishtirish imkoniyat va amaliy asoslari yaratiladi. Buning uchun universitet delegatsiyasi shu yilning iyun oyida Oʻzbekistonga tashrif buyurish niyatini izhor qildi.
Qishloq xoʻjaligi vaziri Aziz Voitov Okeanologiya universiteti rektori Pan Sinsyan bilan yuqoridagi masalalarda hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyishni koʻzda tutuvchi hamkorlik memorandumini imzoladi. Mazkur hujjatga muvofiq vazirlik va universitet qoʻshma loyihani amalga oshirish hamda grant mablagʻlarini jalb qilish boʻyicha ishlarga start beriladi.
Maʼlumot oʻrnida: ushbu universitet tarkibida Janubiy Xitoyning shoʻrlangan hududlarida mahsulot yetishtirishning ilmiy asoslarini yaratishga qaratilgan eng yirik laboratoriyaga mavjud.