Xitoylik professor “Ipak yo‘li” xalqaro turizm va madaniy meros universitetiga prorektor etib tayinlandi

    Ta'lim 12 Oktabr 2022 3739

    2022-yil 1-oktabrdan xitoylik professor Tongqian Zou Samarqand shahridagi “Ipak yo‘li” xalqaro turizm va madaniy meros universitetining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori lavozimida ish boshladi.

    Professor Tongqian Zou Pekin xalqaro tadqiqotlar universiteti prezidenti maslahatchisi, Milliy ijtimoiy fanlar fondi bosh eksperti, Xitoy madaniyat va turizm akademiyasi dekani lavozimlarida ishlagan. Xususan, 2006-yildan 2013-yilgacha Pekin xalqaro tadqiqotlar universitetining turizm menejmenti kafedrasi dekani lavozimida faoliyat olib borgan. 2013-yildan hozirgacha Pekin xalqaro tadqiqotlar universiteti prezidenti maslahatchisi lavozimida ishlab kelmoqda.

    Shuningdek, 2019–2020-yillarda “Ipak yo‘li” xalqaro turizm va madaniy meros universiteti rektori maslahatchisi lavozimida ishlagan, 2020-yil oktabr oyida “Turizm fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan. Professor Tongqian Zou ushbu lavozimga Pekin xalqaro tadqiqot universiteti prezidenti Ji Jinbiao tomonidan tavsiya etilgan.

    Qayd etish joizki, professor Tongqian Zou ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor sifatida universitetda quyidagi yo‘nalishlarga mas’ul bo‘ladi:
    1) ilmiy-tadqiqot ishlari sifatini yanada oshirish;
    2) o‘quv va ilmiy konferensiyalarni tashkil etish, universitet ilmiy-texnika kengashi ishiga rahbarlik qilish, ilg‘or ilmiy-uslubiy tajribani umumlashtirish;
    3) Universitet xodimlari tomonidan ilmiy maqolalarni, shu jumladan, jurnallar va ilmiy jurnallar to‘plamlarini tayyorlash va nashr etish, shuningdek, kutubxona fondini ilmiy va davriy nashrlar bilan to‘ldirish jarayoniga umumiy rahbarlikni amalga oshirish;
    4) iqtidorli yoshlarni izlash, saralash va ular bilan ishlash jarayonlarini boshqarish va ularga ko‘maklashish, talabalar va tadqiqotchilar orasidan nufuzli stipendiyalar laureatlarini tayyorlash jarayonini boshqarish;
    5) tanlov asosida kadrlarni tanlash, doktorantlar, mustaqil tadqiqotchilar va magistrlarni ishga qabul qilish bo‘yicha takliflar tayyorlash, shuningdek, professor-o‘qituvchilar tarkibini takomillashtirish rejalarini ishlab chiqish va amalga oshirishga rahbarlik qilish;
    6) ilmiy yo‘nalishda oliy ta’lim muassasalari bilan doimiy hamkorlikni amalga oshirish, professor-o‘qituvchilarning konferensiya va seminarlarda faol ishtirok etishini ta’minlash.

    Shuningdek, 2021-yildan buyon AQShdan taklif etilgan doktor Raymond Jozef Xofman universitetda o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor lavozimida ishlab kelmoqda. 1982-yilda doktor Xoffman Oksford universitetida PhD darajasini oldi. Bundan tashqari, u Florida shtati universiteti, Garvard universiteti va Germaniyaning Heidelberg universitetida ilmiy daraja va ish tajribasiga ega. Ayni paytda prorektor zamonaviy o‘quv dasturlarini joriy etish, “Ipak yo‘li” xalqaro turizm va madaniy meros universitetini xalqaro darajadagi universitetlar qatoriga kiritishga o‘z hissasini qo‘shmoqda.

    Ma’lumot uchun, “Ipak yo‘li” xalqaro turizm va madaniy meros universiteti O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan 2018-yil iyun oyida Sindao (XXR) shahrida bo‘lib o‘tgan ShHTga a’zo davlatlar rahbarlarining Sammiti doirasida tashkil etilgan. O‘zbekistonda xalqaro turizm sohasida professional kadrlar tayyorlash maqsadida universitetga xorijiy oliy ta’lim muassasalarida (AQSh, Xitoy, Hindiston, Fransiya, Yaponiya, Avstraliya, Turkiya) turizm va madaniy meros sohasida ishlagan 10 dan ortiq xorijiy professor-o‘qituvchilar jalb qilingan.