Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati maʼlum qildi.

Sinszyan-Uygʻur avtonom rayonida yashovchi bemorda onkologik jarrohlik amaliyotini oʻtkazish zarurati tugʻildi, ammo mahalliy shifoxonada yetarli malakaga ega mutaxassislar boʻlmaganligi tufayli buning uchun Xitoyning «MEDBOT« kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan robot-jarrohdan foydalanishga qaror qilindi.

Operatsiya Shanxay shifoxonasi onkologiya boʻlimi ilmiy rahbari va yetakchi jarrohi Lo Sinsyuan tomonidan oʻtkazildi. Bemor va xirurgni 5 ming kilometr masofa ajratib turganiga qaramay, 5G aloqa tizimi orqali robotni boshqarish davomida signal uzatilishida uzilish yoki kechikishlar deyarli kuzatilmadi.

— Robot jarrohligi — eng ilgʻor kam invaziv texnologiyalardan biri boʻlib, uning yordamida bajariladigan operatsiyalar yuqori aniqlik va asoratlar xavfi minimalligi bilan ajralib turadi. Buning natijasida bemorlarning jarrohlik amaliyotidan keyingi tiklanishi tezroq kechadi, — dedi Lo.