Ushbu amaliy safar ikki davlat rahbarlarining COVID-19 ga qarshi kurash yuzasidan oʻzaro hamkorlik boʻyicha kelishuvi doirasida mamlakatimizning Pekindagi elchixonasi tomonidan “Beizhong Yilin Pharm Co. Group” farmatsevtika kompaniyasi bilan birgalikda tashkil etildi.

Xitoy tabobati vakillari safar davomida mamlakatimiz mintaqalaridagi tibbiy muassasalarda COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurash, ushbu yuqumli kasallik profilaktikasi, uni nazorat qilish va davolash borasida oʻzbekistonlik hamkasblariga koʻmaklashadi.

Toshkentda ochilgan Oʻzbekiston – Xitoy anʼanaviy tabobat markazida boʻlib, turli kasallikka chalingan bemorlarga tibbiy xizmat koʻrsatishadi.

Mamlakatimiz poytaxtida Markaziy Osiyo mintaqasida ushbu turdagi eng yirik hisoblangan mazkur markaz zamonaviy sogʻliqni saqlash tizimida anʼanaviy xitoy va Oʻzbekiston xalq tabobati usullaridan unumli foydalanish imkonini beradi. Bu sogʻliqni saqlash va farmatsevtika sohalarida yangi qoʻshma loyihalarni hayotga tatbiq etish nuqtayi nazaridan ham muhim ahamiyatga egadir.

Dunyoda hukm surayotgan hozirgi murakkab sharoitda xitoylik shifokorlarning mamlakatimizga tashrifi doʻstona aloqalarning mustahkam ekanidan, ikki mamlakat oʻrtasida strategik sheriklik munosabatlari har tomonlama rivojlanib borayotganidan dalolat.