Xitoylik tadbirkorlar yurtimiz charm sanoatiga katta qiziqish bildirdi

    Biznes 23 Noyabr 2023 505

    2023-yil 20-noyabrda Xitoyda Oʻzbekiston -Xitoy biznes forumi boʻlib oʻtdi.

    Unda Xitoy Xalq Respublikasining yirik kompaniyalari, investorlariga yurtimizning iqtisodiy imkoniyatlari, investitsiya, ishlab chiqarish, turizm, charm sanoat sohalaridagi oʻsish tendensiyalari yuzasidan taqdimot oʻtkazildi. Jumladan, mamlakatimiz charm sanoatidagi soʻngi yillardagi rivojlanish dinamikasi, investitsion muhit, yangi sarmoyaviy loyihalar toʻgʻrisida maʼlumot berildi.

    “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi vakillari Xitoyning charm-poyabzal kompaniyalari, konsernlari rahbarlari bilan muzokaralar olib bordi. Uyushma delegatlari “Hong Kong International China International” kompaniyasi bilan qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, kompaniya investitsiyasini mamlakatimiz charm sanoatiga jalb etish yuzasidan muzokara oʻtkazdi. Loyihalarni tez fursatda boshlash boʻyicha ikki tomonlama hamkorlik memorandumi va kelishuv shartnomasini imzolash boʻyicha qaror qabul qilindi.

    “Jianli industries” Guanjou chorvachilik klasteri bosh direktori bilan boʻlib oʻtgan muzokaralarda Oʻzbekistonda yirik va mayda shoxli qoramol terisi xom ashyosini chuqur qayta ishlash boʻyicha loyihani amalga oshirish masalasi koʻrib chiqildi. Klaster rahbari mamlakatimizda hosil boʻladigan xom ashyoni qayta ishlab uni Xitoyga eksport qilish imkoniyatlarini yuqori baholadi. Muzokara yakunida bu loyihani amalga oshirishga Xitoy tomoni tayyor ekanligi maʼlum qilindi.

    Shuningdek, XXRning “Royal Home Holdings” mebel ishlab chiqaruvchi kompaniyasi Oʻzbekiston charm mahsulotlariga katta qiziqish bildirdi. Kelgusi yilda kompaniya delegatsiyasi yurtimizga tashrif buyurib oʻzaro manfaatli shartnomalarni imzolashini maʼlum qildi, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.