Xitoylik yoshlar Oʻzbekiston oliy oʻquv yurtida tahsil oladi

    Ta'lim 14 Oktabr 2022 2155

    Oʻzbekiston tomonidan ajratilgan taʼlim grantlari asosida Samarqand shahridagi “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universitetining magistratura bosqichiga qator xitoylik talabalar oʻqishga qabul qilindi.

    Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston bilan Xitoy oʻrtasida taʼlim sohasidagi hamkorlik rivojlanib boryapti. Mamlakatlarimiz oliy oʻquv yurtlari oʻrtasida talabalar va professorlar almashinuvi faol yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, uning natijasida xitoylik talabalar Oʻzbekiston oliy oʻquv yurtida taʼlim olish imkoniyatiga ega boʻlyapti.

    Xitoylik yoshlarning soʻzlariga koʻra, Samarqanddagi turizm universitetida malakali oʻqituvchi-professorlar xalqaro standartlar asosida taʼlim berayotgani mazkur oʻquv yurti nufuzini yanada oshiryapti. “Maʼlumki, Samarqand qadim-qadimdan madaniyat va ilm oʻchogʻi boʻlib, u yerdan koʻplab dunyoga mashhur olimlar va buyuk allomalar yetishib chiqqan. Bugungi kunda ushbu shahar oʻzining bebaho tarixiy obidalari va turizm imkoniyatlari bilan dunyo sayyohlarini oʻziga rom etib keladi, — deb taʼkidlaydi xitoylik talaba Chjan Xuan. — Universitetda taʼlim olishdan bizning maqsadlarimiz katta. Chunki “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universitetini tamomlab, ushbu sohada malakali mutaxassis boʻlib yetishishni orzu qilaman”.

    Shuningdek, joriy yil 1-oktyabrdan Pekin xalqaro tadqiqotlar universiteti professori Szou Tunsyan “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universitetining prorektori lavozimida ish boshladi.

    2020-yilda Oʻzbekiston tomonidan “Turizm fidoyisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan professor Szou Tunsyan universitetda ilmiy-tadqiqot ishlari sifatini yanada oshirish, oʻquv va ilmiy anjumanlarni tashkil etish, universitet ilmiy-texnik kengashi ishini boshqarish, ilgʻor ilmiy-uslubiy tajribalarni umumlashtirish, oliy taʼlim muassasalari bilan ilmiy yoʻnalishda doimiy hamkorlikni amalga oshirish, professor-oʻqituvchilarning xalqaro konferensiya va seminarlarda faol ishtirokini taʼminlash kabi yoʻnalishdagi ishlarga masʼul hisoblanadi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

    “Ipak yoʻli” xalqaro turizm va madaniy meros universiteti 2018-yil iyun oyida Xitoyning Sindao shahrida boʻlib oʻtgan SHHTga aʼzo davlatlar rahbarlarining sammitida Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida tashkil etilgan.