Xitoyning beshta kompaniyasi AQSHda taʼqiqqa uchradi

    Bu haqdagi hujjat ertadan kuchga kiradi.

    AQSHning federal davlat idoralari 13-avgustdan boshlab Xitoyning Huawei, ZTE, Hikvision, Dahua Technology va Hytera Communications Corporation kompaniyalari, shuningdek, ularning shoʻba korxonlari texnologiyalaridan foydalanayotgan pudratchi kompaniyalar bilan shartnoma tuzishi mumkin emas. Bu haqda Amerika hukumatining rasmiy hujjatlar toʻplami – Federal reyestrda chop etilgan Oq uyning Maʼmuriy-byudjet boshqarmasi buyrugʻida aytib oʻtilgan.

    ITAR TASS xabarida taʼkidlanishicha, Pentagon va NASA rahbariyati esa iyul oyida shunday qaror qabul qilgan.

    2019-yilning 15-may kuni AQSH prezidenti Donald Tramp mamlakat axborot-kommunikatsiya infratuzilmasini tashqi tahdidlardan himoya qilish uchun favqulodda holat joriy etish boʻyicha hujjatni imzolagandi. Natijada AQSH savdo vazirligi oʻtgan yilning 17-may kuni Huawei ni qora roʻyxatga kiritdi va bu bilan kompaniyaning Amerikadan yuqori texnologiyali jihozlar sotib olishini chegaralab qoʻydi.

    Bundan ham sal oldin, yaʼni 2018-yilning avgust oyida Donald Tramp imzolagan farmonda AQSHning hukumat idoralariga Huawei va ZTE kompaniyalari mahsulotlaridan foydalanish taʼqiqlangan edi. Amerika hukumati vakillarining taʼkidlashicha, bu ikki kompaniya mamlakat xavfsizliga tahdid qiladi. Huawei kompaniyasi vakillari esa bu gaplarni rad etib kelyapti.