Xitoyning “CAMCE” kompaniyasi Oʻzbekistonda dor yoʻllarini quradi

    Hamkorlik haqidagi memorandum Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammiti doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi hamda “Injiniring boʻyicha Xitoyning “CAMCE” korporatsiyasi” tomonidan imzolandi.

    16-sentyabr kuni Samarqandda hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandumni imzolash marosimi boʻlib oʻtdi. Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazir oʻrinbosari – Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov va “Injiniring boʻyicha Xitoyning “CAMCE” korporatsiyasi” OAJ direktorlar kengashi raisi Van Bo ishtirok etdi.

    Turizm sohasida oʻzaro foydali hamkorlik qilish va doʻstona munosabatlarni qoʻllab-quvvatlash, tenglik qoidalari va oʻzaro hurmatga asoslangan memorandumda quyidagilar muvofiqlashtirilgan:

    – Oʻzbekiston Respublikasida investitsion qurilish loyihalarini amalga oshirish va dor yoʻllarini ekspluatatsiya qilish boʻyicha hamkorlik oʻrnatish;

    – bitim doirasida investitsion loyihalarni ommalashtirish uchun ekspertlarni jalb qilish;

    – dor yoʻllarini qurishga moʻljallangan joylarni tanlash hamda hamkorlikning texnik va moliyaviy darajadagi tafsilotlarini aniqlashtirish uchun mutaxassislar guruhini yuborish;

    – dor yoʻllarini ekspluatatsiya qilish va boshqarish boʻyicha oʻquv tashkillashtirish.

    Qayd etish joizki, ushbu memorandum kelgusida Oʻzbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi oʻrtasidagi munosabatlarni rivojlantirishga yordam beradi.

    Bundan tashqari, mazkur bitimni tayyorlash doirasida Injiniring boʻyicha Xitoyning “CAMCE” korporatsiyasi vakillari hududning infratuzilma sharoitlarini oʻrganish uchun Boʻstonliq tumaniga tashrif buyurishdi. Tashrif davomida Xitoy korporatsiyasining delegatsiyasi “Chorvoq” TRZ direksiyasining investitsion loyihalari, shuningdek, tumanda dor yoʻllarini qurishga qiziqish bildirdi.

    “Injiniring boʻyicha Xitoyning “CAMCE” korporatsiyasi” OAJ (China CAMC Yengineyering Co., Ltd.) XXR markaziy hukumatining boshqaruvidagi davlat korxonasi boʻlgan — Xitoy milliy mashinasozlik korporatsiyasi (SINOMACH) tarkibiga kiradi.

    Eslatib oʻtamiz, SHHT sammiti doirasida Xitoy va Oʻzbekiston oʻrtasida 15 ta hujjat imzolandi.