Unda vazirlik vakillari, Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazi va Chiqindi poligonlarini boshqarish direksiyasi masʼullari ishtirok etdi.
Uchrashuvda Xitoy tomoniga respublikada chiqindilarni qayta ishlash tizimini isloh qilish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar, bu borada hal etilishi lozim boʻlgan qator muammolar haqida maʼlumot berildi.
Jumladan, chiqindi morfologiyasi, hajmi va yonish darajasi hamda sohada investorlarga yaratilayotgan qulay sharoit va kafolatli imtiyozlar haqida umumiy maʼlumotlar keltirildi.
Oʻz navbatida, hamkorlar bugungi kunda Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayoniga ijobiy baho berib, kompaniya muammolarni hal etishga oʻz hissasini qoʻshishga tayyor ekanligini taʼkidladi.
Uchrashuv davomida Xitoy delegatsiyasi vakillari chiqindilarni boshqarishda Vyetnam tajribasi bilan boʻlishib, chiqindilarni yoqish orqali energiya olish masalalariga toʻxtalib oʻtdi. Shu oʻrinda, yurtimizda ham Vyetnam tajribasidan kelib chiqib, qurilish va faoliyat yuritish uchun 30-yillik investitsiya muddati taklif etildi.
Yakunda mehmonlar Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazi va Dispetcherlik va onlayn monitoring markaziy boshqarmasi faoliyati bilan tanishtirildi.
Shu bilan birga, Xitoy delegatsiyasi vakillarini Buxoro, Andijon, Fargʻona va Namangan viloyatlaridagi chiqindi poligonlari hamda oqova suv tozalash inshootlari faoliyati bilan yaqindan tanishtirish rejalashtirilgan, deb xabar beradi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi matbuot xizmati.
Maʼlumot uchun, “China Everbright Environment Group Limited” qattiq maishiy chiqindilarni yoquvchi zavodlarning eng yirik yetkazib beruvchisi va Xitoyda qattiq maishiy chiqindilarni boshqarishning integratsiyalashgan tizimlari yetakchi ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi. Katta tajriba va ilgʻor texnologiyalarga ega boʻlgan kompaniya qattiq maishiy chiqindilardan energiya ishlab chiqaruvchi hamda oqova suvlarni qayta ishlovchi zamonaviy korxonalarga sarmoya kiritadi, quradi va ulardan foydalanadi.