Xitoyning mashhur chinni zavodi Toshkent viloyatida oʻz filialini ochishi mumkin

    Korxonada chinni mahsulotlari ishlab chiqarishning qadimiy Xitoy kulolchiligi anʼanalarini oʻzida mujassam qilgan noyob usul saqlanib qolgan.

    Avval xabar berilganidek, Zoyir Mirzayev boshchiligidagi viloyat delegatsiyasi Xitoy Xalq Respublikasida boʻlib turibdi. Bugun viloyat vakillari Zhejiang provinsiyasidagi bir qator yirik kompaniyalar faoliyati bilan tanishmoqda va samarali muzokaralar oʻtkazdi.

    Xususan, Xitoyning chinni mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan mashhur “CHINA TOP PORCELAIN EXHIBITION HALL” korxonasida oʻtgan muzokaralar har ikki tomonda qiziqish uygʻotdi.

    Vakillarimiz, shuningdek, ishlab chiqarish liniyasi faoliyati va noyob chinni mahsulotlari koʻrgazmasi bilan tanishdi.

    Korxonada chinni mahsulotlari ishlab chiqarishning qadimiy Xitoy kulolchiligi anʼanalarini oʻzida mujassam qilgan noyob usul saqlanib qolgan. Mahsulotlar, asosan, qoʻl mehnati orqali yaratiladi va nafaqat ichki, xalqaro bozorda ham gʻoyatda xaridorgir hisoblanadi.

    Tomonlar muzokaralarning navbatdagi bosqichini shu yil Toshkentda oʻtkazishga kelishib olishdi.