Xitoyning “Sinxua” axborot agentligi sahifalarida Oʻzbekiston mavzusi doimiy yoritib borilmoqda

    OAV O‘zbеkiston haqida 11 Avgust 2020 1926

    Zamonaviy Oʻzbekiston hayotida roʻy berayotgan muhim oʻzgarish va yangilanishlar Xitoyning yetakchi ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, “Sinxua” axborot agentligida ham keng yoritib borilmoqda.

    Xususan, kuni kecha “Sinxua” saytida “Oʻzbekiston Prezidenti Qamchiq dovoni orqali yangi avtomobil tonneli qurilishini jadallashtirish yuzasidan topshiriq berdi” sarlavhasi ostida navbatdagi axborot eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

    Unda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat-xususiy sherikligining ustuvor loyihalari bilan tanishish chogʻida Qamchiq dovoni orqali yangi tonnel qurilishini jadallashtirish boʻyicha koʻrsatma bergani haqidagi maʼlumotlar keltiriladi. Agentlik davlat rahbarining Qamchiq dovonida yangi tonnel qurish boʻyicha tender-loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va tender eʼlon qilish muhimligini qayd etganini maʼlum qilgan.

    “Bugungi kunda Qamchiq dovoni orqali Toshkentdan Andijonga borish uchun tirbandliklar sababli 5-6 soat vaqt sarflanadi. Kelgusi 5 yilda esa bu vaqt 40 daqiqani tashkil etishi mumkin. “Toshkent-Andijon” pullik avtomobil yoʻli ishga tushgan taqdirda masofani bosib oʻtish 3 soatgacha qisqaradi, transport harakati esa 70 foizgacha ortadi”, deb yozadi Xitoy axborot agentligi.

    Materialda qayd etilishicha, oʻtgan yilning dekabr oyida tasdiqlagan maxsus “Yoʻl xaritasi”ga muvofiq tonnel qurilishi tenderini 2022-yil mart oyida nihoyasiga yetkazish rejalashtirilgan edi.

    “Sinxua” oʻz oʻquvchilariga mazkur dovon orqali oʻtadigan ushbu yoʻl Oʻzbekistonning eng koʻp aholi yashaydigan hududi hisoblanadigan Fargʻona vodiysini mamlakatning qolgan qismi bilan bogʻlovchi yagona avtomobil magistrali ekanini taʼkidlab, Qamchiq dovoni orqali birinchi tonnel 2016-yili Xitoyning “China Railway Tunnel Group” kompaniyasi tomonidan qurilgani va foydalanishga topshirilganini aytadi.

    “Oʻzbekistonda oliy oʻquv yurtlariga kirish imtihonlari ochiq stadionlarda boʻlib oʻtadi” – “Sinxua” axborot agentligining navbatdagi maqolasi Oʻzbekiston Prezidenti joriy yilda oliy taʼlim muassasalariga qabulni tashkil qilish va 2020/2021 oʻquv yiliga tayyorgarlik koʻrish masalalari yuzasidan oʻtkazgan yigʻilishiga bagʻishlandi.

    Unda mamlakatimiz rahbari test sinovlarini Toshkent shahri va viloyatlarning markaziy stadionlarida tashkil etish yuzasidan topshiriq bergani qayd etilgan.

    Shu oʻrinda davlatimiz rahbari imtihonlar oʻtkazish uchun abituriyentlar va nazoratchilar uchun epidemiologik xavfsizlikni taʼminlash zarurligini alohida taʼkidlagani koʻp sonli oʻquvchilar eʼtiboriga havola qilingan.

    “Bunda imtihonlar kuniga 2-marta oʻtkazilsa, barchasini taxminan 12-14 kunda yakunlash mumkin. Joriy yilda mamlakat oliy taʼlim muassasalariga (OTM) bakalavriat bosqichiga 162 ming 364, magistraturaga 10 ming 425 oʻrin ajratilgan”, deb yozadi manba.