Xiva – 2024-yil Islom dunyosining turizm poytaxti!

    Turizm 29 Iyun 2022 2627

    Islom hamkorlik tashkilotining Ozarbayjon poytaxti Baku shahrida boʻlib oʻtgan XI sessiyasi doirasida ilk bor Oʻzbekiston shaharlaridan biri – Xiva 2024-yil “Islom dunyosining turizm poytaxti” deya eʼlon qilishga doir qaror qabul qilindi.

    Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) gʻalabaning asosiy omillari sifatida yurtimizda turizm sohasida yuritilayotgan ochiqlik siyosat, viza rejimining soddalashtirilishi, madaniy merosni saqlash, tarixiy shaharlarni obodonlashtirish kabi koʻplab islohotlarni eʼtirof etdi.

    Shu oʻrinda Xiva shahrining tarixiy qiyofasi tiklanishi, restavratsiya va konservatsiyaga oid amalga oshirilgan ishlar, qolaversa, elektr ustunlarning demontaj qilingani, sayyohlarning katta oqimini qabul qilish uchun yaratilgan sharoitlar, infratuzilmaning yaxshilangani, 5 yulduzli mehmonxona qurilishi hamda butik-otel va xostellar qurilishi faol davom etayotgani alohida qayd etildi. Bundan tashqari, turizm va unga yondosh sohalar tadbirkorlari uchun yaratilgan qulay sharoitlar yuqori baholandi.

    “Islom dunyosining turizm poytaxti yili doirasida Xorazm viloyatining Xiva shahrida IHTga aʼzo 57 davlatning turizm vazirlari va turistik maʼmuriyatlari rahbarlarining yigʻilishi yuqori darajada oʻtkaziladi. Shu bilan birga, Islom olami va ziyorat turizmi salohiyatini ochib beruvchi ilmiy-amaliy anjumanlar, fotokoʻrgazmalar va art-ekspozitsiyalar boʻlib oʻtadi”, – dedi Oʻzbekiston delegatsiyasi rahbari – Bosh vazir oʻrinbosari, Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov.

    Islom dunyosining turizm poytaxti nominatsiyasiga 5 davlatdan shaharlar nomzodi qoʻyilgan boʻlib, bular:

    Abu-Dabi (BAA);

    Shanliurfa (Turkiya);

    Laos (Nigeriya);

    Dushanbe (Tojikiston);

    Xiva (Oʻzbekiston).

    Soʻnggi yilda bu shaharlar orasida nominatsiyada gʻoliblik uchun shiddatli kurash kuzatildi. Shunga qaramay, Oʻzbekistonning bu yoʻnalishda olib borilgan saʼy-harakatlari natijasida Xiva shahrining “Islom dunyosining turizm poytaxti” maqomini olishiga doir qarorga kelinishiga erishildi, deb xabar beradi Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati.

    Taʼkidlash joizki, gʻalabaga erishish yoʻlida Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi 2019-yildan buyon tizimli ravishda ish olib boryapti, yaʼni bu orada Xiva shahri nomzodi kiritilib, IHTga aʼzo davlatlar bilan tegishli ishlar olib borilgan – IHT davlatlarining turistik maʼmuriyati rahbarlari bilan onlayn uchrashuvlar, muzokaralar va taqdimotlarning oʻtkazilishi shular jumlasidandir.