“Xiva – 2024 yilda Islom dunyosining turizm poytaxti” xalqaro tadbiriga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida

    Hujjatlar 12 Iyul 2023 8299

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

    Xiva shahri 2024 yilda “Islom dunyosining turizm poytaxti” deb e’lon qilinganligi munosabati bilan hamda Xiva shahrining turistik salohiyatini xalqaro maydonda faol targ‘ib qilish maqsadida:

    1. 2022 yil 27-29 iyun kunlari Boku shahrida (Ozarbayjon Respublikasi) bo‘lib o‘tgan Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar turizm vazirlarining XI sessiyasida Xiva shahri 2024 yilda “Islom dunyosining turizm poytaxti” deb e’lon qilinganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

    2. Quyidagilar:

    “Xiva – 2024 yilda islom dunyosining turizm poytaxti” xalqaro tadbiriga (keyingi o‘rinlarda – xalqaro tadbir) tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita (keyingi o‘rinlarda – tashkiliy qo‘mita) tarkibi 1-ilovaga muvofiq;

    “Xiva – 2024 yilda islom dunyosining turizm poytaxti” xalqaro tadbiriga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi (keyingi o‘rinlarda – chora-tadbirlar rejasi) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

    3. Belgilab qo‘yilsinki:

    a) 2024 yil mart oyida “Xiva – 2024 yilda islom dunyosining turizm poytaxti” shiori ostida Xiva shahrida xalqaro tadbirning rasmiy ochilish marosimi hamda may oyida Xiva shahrida Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar turizm vazirlarining XII sessiyasi o‘tkaziladi;

    b) ushbu xalqaro tadbirga Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlardan ishtirokchilar va ekspertlar jalb qilinadi, xalqaro tadbir ommaviy axborot vositalarida keng yoritib boriladi;

    v) Xiva shahrining turistik salohiyatini xalqaro maydonda faol targ‘ib qilish maqsadida 2023-2024 yillarda quyidagi tadbirlar o‘tkaziladi:

    Taste of Uzbekistan Festival” shiori ostida gastronomik festival;

    Pahlavon Mahmud xotirasiga bag‘ishlangan “Strongmen” xalqaro bahodirlar o‘yini musobaqasi;

    Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi” doirasidagi tadbirlar;

    g) mas’ul vazirlik va idoralarning birinchi rahbarlari ushbu qarorda nazarda tutilgan topshiriqlar, shuningdek, tashkiliy qo‘mitaning tezkor ko‘rsatmalarini o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.

    4. Tashkiliy qo‘mita (A. Aripov):

    chora-tadbirlar rejasida belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish bo‘yicha mas’ul davlat organlari va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirib borsin;

    xalqaro tadbirga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishda yuzaga keladigan tashkiliy masalalarni tezkorlik bilan hal etsin;

    Xiva shahrida xalqaro tadbir o‘tkaziladigan joylarning texnik va telekommunikatsiya uskunalari bilan jihozlanishini ta’minlasin;

    Xorazm viloyati, shu jumladan, Xiva shahrida o‘tkaziladigan qabul, madaniy tadbirlar va xorijiy mehmonlarning sayohatini tashkillashtirsin;

    xalqaro tadbirda qatnashuvchilarning O‘zbekistonga kelib-ketishi, ularga viza rasmiylashtirilishi, transport va tibbiy xizmat ko‘rsatish masalalarini muvofiqlashtirsin;

    xalqaro tadbir bo‘lib o‘tadigan hududlarni obodonlashtirish ishlari o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlasin;

    xalqaro tadbir bo‘lib o‘tadigan hududlarda ob’ektlar va mehmonxona fondining tayyorligini ta’minlasin;

    zarur hollarda, xalqaro tadbirni yuqori saviyada tashkil etish bilan bog‘liq tezkor qarorlar qabul qilsin.

    5. Madaniyat va turizm vazirligi:

    a) bir oy muddatda “Xiva – 2024 yilda islom dunyosining turizm poytaxti” xalqaro tadbiri logotipini ishlab chiqsin;

    b) ikki oy muddatda:

    Fanlar akademiyasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Xorazm Ma’mun akademiyasi bilan birgalikda xalqaro tadbirga tashrif buyuradigan xorijiy mehmonlar foydalanishi uchun Xiva shahri haqida o‘zbek, rus, ingliz, arab va fransuz tillarida qo‘llanma ishlab chiqib, chop etilishini;

    Xorazm viloyati hokimligi, Madaniy meros agentligi bilan birgalikda Xiva shahrining turizm va madaniy meros ob’ektlari, islom dunyosi va ilm-fanning rivojlanishida tutgan o‘rni va tarixi, madaniyati, yashash tarzini aks ettiruvchi foto- va videomateriallar (“Guidebook”) tayyorlanishini ta’minlasin;

    v) Tashqi ishlar vazirligi, Xorazm viloyati hokimligi hamda boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda:

    xalqaro tadbirga tayyorgarlik ko‘rish va uning yuqori saviyada o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida Islom hamkorlik tashkiloti Bosh kotibiyati bilan hamkorlikda ishni tashkil etsin;

    2023-2024 yillarda mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari, Internet jahon axborot tarmog‘ida “Xiva – 2024 yilda islom dunyosining turizm poytaxti” shiori ostida keng targ‘ibot aksiyasini amalga oshirish choralarini ko‘rsin;

    2023-2024 yillarda Islom hamkorlik tashkiloti tomonidan tashkil etiladigan xalqaro tadbirlar hamda respublikada o‘tkaziladigan turizm yo‘nalishidagi ko‘rgazma va konferensiyalarda “Xiva – 2024 yilda islom dunyosining turizm poytaxti” shiori ostida targ‘ibot ishlarini amalga oshirsin;

    2023 yil oktyabr oyida Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning turistik tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlarni jalb qilgan holda Xorazm viloyati bo‘ylab infotur tashkil qilsin.

    6. Belgilansinki, ushbu qarorda nazarda tutilgan xalqaro tadbir doirasida:

    a) Madaniyat va turizm vazirligi tomonidan Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan quyidagi xarajatlar qoplanadi:

    xalqaro tadbirning xorijiy ishtirokchilarini Toshkent shahridagi aeroport va vokzalda kutib olish hamda kuzatish, ularning respublika hududida harakatlanishi uchun avtobus, avia va temir yo‘l chiptalarini xarid qilish;

    xalqaro tadbir doirasida xorijiy (ingliz, arab, fransuz) tillarda sinxron tarjimonlar ishtirokini ta’minlash;

    xalqaro tadbirni xorijiy ommaviy axborot vositalari, Internet jahon axborot tarmog‘i va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritish;

    xalqaro tadbir uchun targ‘ibot materiallari (videoroliklar, tarqatma materiallar, kitoblar va boshqalar)ni ishlab chiqish va chop etish;

    Islom hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi, Bosh kotibiyat xodimlari va ekspertlari, faxriy mehmonlarning mamlakatga kelib-ketishi;

    xalqaro tadbirga tayyorgarlik ko‘rish va uni tashkil etish bilan bog‘liq boshqa tadbirlarni o‘tkazish;

    b) Xorazm viloyati hokimligi tomonidan mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan quyidagi xarajatlar qoplanadi:

    xalqaro tadbir o‘tkaziladigan va diqqatga sazovor joylarni obodonlashtirish hamda tadbir o‘tkazish uchun tayyor holga keltirish;

    xorijiy ishtirokchilar uchun esdalik sovg‘alari (suvenirlar, milliy hunarmandchilik mahsulotlari va boshqalar)ni ajratish;

    aeroport va temir yo‘l vokzallarida hamda markaziy ko‘chalar bo‘ylab o‘rnatilgan bannerlar va LED monitorlarda xalqaro tadbirni keng yoritish;

    ishtirokchilarning tadbirlar dasturi doirasida diqqatga sazovor joylarga tashriflarini tashkillashtirish;

    xorijiy ishtirokchilar, ularga biriktirilgan gid-tarjimon hamda volontyor kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari uchun tushlik va kechki ovqatni tashkillashtirish va Xorazm viloyati bo‘ylab harakatlanishi uchun transport vositalari bilan ta’minlash;

    xorijiy ishtirokchilar va ommaviy axborot vositalari vakillarining Xorazm viloyatidagi mehmonxonalarda yashashi bilan bog‘liq xarajatlar.

    7. Xorazm viloyati hokimligi xorijiy ishtirokchilarni aeroport (vokzal)da kutib olish va kuzatish hamda xalqaro tadbir dasturi asosida ularning harakatlanishi uchun transport vositalarini ajratsin.

    8. Tashqi ishlar vazirligi Madaniyat va turizm vazirligining viza talabnomalariga binoan xalqaro tadbirda ishtirok etadigan chet ellik ishtirokchilarga O‘zbekiston Respublikasiga kirish vizalari konsullik yig‘imlari va haqiqiy xarajatlarning o‘rnini qoplash hisobidan yig‘imlar undirilmasdan, zarur hollarda, O‘zbekiston Respublikasi xalqaro aeroportlarida rasmiylashtirilishini ta’minlasin.

    9. Ichki ishlar vazirligi:

    Milliy gvardiya bilan birgalikda xalqaro tadbir o‘tkaziladigan hududlarda ishtirokchi va mehmonlar to‘planadigan joylarda, mehmonxonalarda hamda ularning atrofida jamoat tartibini saqlash;

    tadbirlarga tashrif buyuradigan delegatsiya a’zolari xavfsizligini ta’minlash maqsadida yo‘l harakati qoidalariga muvofiq hamrohlik qilish choralarini ko‘rsin.

    10. Favqulodda vaziyatlar vazirligi xalqaro tadbir o‘tkaziladigan ob’ektlar hamda ularning atrofida favqulodda vaziyatlarning oldini olish va yong‘in xavfsizligini ta’minlash ishlarini tashkillashtirsin.

    11. Sog‘liqni saqlash vazirligi tadbirlar o‘tkaziladigan joylarda tez tibbiy yordam brigadalari faoliyati tashkil etilishini ta’minlash, tadbirlar o‘tkaziladigan joylarda sog‘liqni saqlash hamda sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativlariga amal qilinishi bo‘yicha zarur choralar ko‘rsin.

    12. Raqamli texnologiyalar vazirligi Madaniyat va turizm vazirligining murojaatiga asosan xalqaro tadbir o‘tkaziladigan konferensiya va ko‘rgazma zallari, matbuot xonalarini belgilangan tartibda zarur texnika vositalari, sinxron tarjima jihozlari va Internet jahon axborot tarmog‘i bilan ta’minlasin.

    13. Madaniyat va turizm vazirligining talabnomasiga asosan quyidagilarga:

    “Uzbekistan Airways” AJga xorijiy ishtirokchilar uchun xalqaro va mahalliy reyslarga aviachiptalarning band qilinishini ta’minlash;

    “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga xorijiy ishtirokchilar uchun qatnovdagi poyezdlarning barcha turlariga temir yo‘l chiptalari zaxirasini yaratish va rasmiylashtirish choralarini ko‘rish tavsiya etilsin.

    14. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib madaniyat va turizm vaziri O.A. Nazarbekov hamda Xorazm viloyati hokimi J.R. Raximov belgilansin.

    Qaror ijrosini muhokama qilib borish, mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

    O‘zbekiston Respublikasi

    Prezidenti Sh.MIRZIYOEV

    Toshkent shahri,

    2023 yil 12 iyul