Xiva National Geographic tomonidan sayohat uchun eng yaxshi yoʻnalishlar roʻyxatiga kiritildi

    National Geographic jurnali muharrirlari, fotosuratchilari va izlanuvchilari tomonidan tanlab olingan 2026-yilning eng yaxshi sayohat yoʻnalishlari roʻyxatini eʼlon qildi.

    Ular orasida Xorazm viloyatining Xiva shahri ham bor.

    «Samarqand va Buxoro mashhurlik choʻqqisida boʻlsa, Xiva oʻtmishga yanada haqiqiy va xotirjam sayohatni taklif etadi. Yozda Toshkentdan tezyurar poyezd qatnovi yoʻlga qoʻyiladi — u yoʻlni ikki baravar qisqartiradi», deyiladi xabarda.

    Nashrda Xiva Oʻzbekistonning nafaqat muhim madaniy shahri, balki Buyuk Ipak yoʻlida joylashgan betakror tarixiy va madaniy markaz ekanligi taʼkidlangan. Shuningdek, National Geographic Xivani «ochiq osmon ostidagi muzey« va «Ipak yoʻlining durdonasi« deya eʼtirof etgan.

    Maqolada, shuningdek, hozirgi vaqtda Xivada amalga oshirilayotgan infratuzilma loyihalari haqidagi maʼlumotlar mushtariylar eʼtiboriga taqdim etilgan. «Jumladan, 2026-yil kuzida Toshkent–Samarqand–Buxoro–Xiva yoʻnalishi boʻyicha yuqori tezlikdagi poyezd qatnovi yoʻlga qoʻyiladi. Urganch xalqaro aeroporti esa zamonaviy talablar asosida rekonstruksiya qilinmoqda«, – deyilgan manbada.