Pandemiya tufayli ushbu dasturdan oʻrin olgan tadbirlar joriy yilda oʻtkazilyapti. Jumladan, xalqaro TURKSOY tashkiloti tomonidan shu yil 12-15-oktyabr kunlari Xiva shahrida “Turk dunyosi shoirlari uchrashuvi” tadbiri oʻtkazilmoqda.
Ushbu uchrashuv buyuk turk shoiri Yunus Emre vafotining 700-yilligi munosabati bilan tashkil qilindi. Yunus Emre turk adabiyotiga katta taʼsir koʻrsatgan shoir va soʻfiy sifatida juda qadrlanadi. Shuningdek, YUNESKOning 40-sessiyasida 2021-yilni Islom dunyosining bir qator arboblari — Hoji Bektosh Vali, Yunus Emre va Axi Evran yili deb atash toʻgʻrisida qaror qabul qilingan.
Turkiy tilli davlatlardan tashrif buyurgan taniqli shoirlar bugun Urganch xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi. Tadbir ishtirokchilarining Xorazmga safari Xiva shahridagi Ogahiy ijod maktabi va shoirning uy-muzeyi bilan tanishishdan boshlandi. Shundan keyin mehmonlar qadimiy Ichonqalʼaning tarixiy yodgorliklarini tomosha qildi.
Uchrashuv dasturidan Xorazm Maʼmun akademiyasi olimlari bilan muloqot, Prezident maktabi, Urganch davlat universiteti, Komiljon Otaniyozov uy-muzeyi va ijod markazi, Xorazm maqom markazi, “Ulli hovli” tarixiy majmuasi, viloyat axborot-kutubxona markazi va viloyat musiqali drama teatri faoliyati bilan tanishuvlar oʻrin olgan, deb xabar beradi Xorazm viloyati hokimligi matbuot xizmati.