Xiva —turkiy dunyo madaniyat poytaxti sifatida Evropada taqdim etildi

    Xorvatiyaning Rieka shahrida «Xiva – Turkiy dunyo madaniyat poytaxti» deb nomlangan xalqaro taqdimot bo'lib o'tmoqda

    Tadbirda qadim va navqiron Xivaning boy tarixiy, madaniy merosi, turistik salohiyati targ'ib etildi. Rieka shahrining markaziy maydonida o'rnatilgan 15 ta pannoda Xivaning maftunkor fotosuratlari, qadimiy kent haqidagi ma'lumotlar joylashtirildi.

    Xorvatiyadagi taqdimot TURKSOY va Evropa kengashi o'rtasidagi hamkorlik doirasida amalga oshirildi. Rieka shahri 2020 yilda «Evropaning madaniyat poytaxti» deb e'lon qilingan.

    Taqdimot ochilish marosimida TURKSOY Bosh kotibi Dusen Kaseinov, Rieka shahri meri Voyko Obersnel`, O'zbekiston madaniyat vazirligining xalqaro aloqalar boshqarmasi boshlig'i SHohrux Akbarov, OAV va Rieka shahridagi o'zbek diasporasi vakillari ishtirok etdi.

    Xiva shahri fotosuratlari va ushbu madaniyat o'chog'i haqidagi ma'lumotlar Evropa ahlida katta qiziqish uyg'otdi. Tadbir davomida, shuningdek, madaniyat va turizm sohalarida o'zaro foydali hamkorlik loyihalari bo'yicha muzokaralar o'tkazildi.

    Rieka shahridagi xalqaro taqdimot 16 aprelgacha davom etadi.

    eslatib o'tamiz, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti - TURKSOY bilan amalga oshirilayotgan hamkorlik doirasida Xiva shahri Prezidentimiz tashabbusi bilan 2019 yili «Turkiy dunyo madaniyat poytaxti» deb, e'lon qilingan edi. Shu munosabat bilan tuzilgan xalqaro dastur elchixona tomonidan TURKSOY va Turkiya madaniyat va turizm vazirligi ko'magida amalga oshirib kelinmoqda. Dasturda Xivaning nafaqat turkiy dunyo mamlakatlarida, balki xalqaro maydonda keng targ'ib etish ko'zda tutilgan.