Xivada IHTga aʼzo davlatlar rasmlari koʻrgazmasi ochildi

    Bugun, 2-iyunda Xiva shahrida Xivani Islom dunyosining turizm shahri deb eʼlon qilingani munosabati bilan xalqaro tadbirlar doirasida tashkil etilgan rasmlar koʻrgazmasi ochildi.

    Rasmlar koʻrgazmasi bilan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, Islom hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Husayn Ibrohim Toha, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Xusrav Noziri, Islom dunyosi taʼlim, fan va madaniyat tashkiloti (ICESCO) bosh direktori Salim al-Malik, Xiva shahri hokimi Temur Davletov, Turizm qoʻmitasi raisi Umid Shadiyev tanishdilar.

    “Islom dunyosining muqaddas qadamjolari” mavzusida ochilgan rasmlar koʻrgazmasida Islom hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlarning muqaddas qadamjolari tasvirlangan rasmlar namoyish etilyapti. Jami 60 ta asarning har birida Islom dunyosi uchun betakror va ahamiyatli ziyoratgohlar tasvirlangan.

    Koʻrgazma tashrif buyuruvchilarga Islom davlatlarining madaniy va maʼnaviy merosi bilan tanishish, ularning diniy anʼanalari va tarixi muhitiga shoʻngʻish imkoniyatini yaratadi, deb xabar beradi Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.

    Asarlar Islom hamkorlik tashkilotiga aʼzo mamlakatlar rassomlari tomonidan yaratilgan.