Xivada “Lazgi” xalqaro festivali boshlandi

    Madaniyat 27 Aprel 2022 3665

    26-aprelda Xiva shahrida “Lazgi” xalqaro festivali boshlandi.

    Festivalning tantanali ochilish marosimi “Ichan qalʼa”dagi Koʻhna Ark maydonida boʻlib oʻtdi. Unda turli idoralar rahbarlari, xorijiy sayyohlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

    Yorqin tadbir YUNESKOning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi, Turizm va madaniy meros vazirligi, Madaniyat vazirligi va Xorazm viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov festivalni ochib berib, davlat rahbari tabrigini oʻqib eshittirdi.

    Festival doirasida oʻtkaziladigan tanlovda 18 mamlakatdan 169 kishi ishtirok etishi kutilyapti. Tanlov 6 nafar professional mutaxassisdan iborat hakamlar tomonidan baholanadi, deb xabar beradi Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati.

    “Oʻzbek raqs sanʼatining jahon raqs sanʼatidagi oʻrni” nomli xalqaro ilmiy amaliy anjuman ham nomoddiy madaniy merosimizni asrashda muhim ahamiyat kasb etadi.

    Tadbir 30-aprelga qadar davom etadi.