Xivada Turizm vazirlari Islom konferensiyasining XII sessiyasi boʻlib oʻtdi

    31-maydan 2-iyungacha Xiva shahrida “Xiva – 2024-yilda Islom dunyosi turizm shahri” xalqaro tadbirlari doirasida boʻlib oʻtgan Turizm vazirlari Islom konferensiyasining (ICTM) XII sessiyasi yakunlandi.

    Tadbirda Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Bosh kotibi Husayn Ibrohim Toha, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Xusrav Noziri, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, Islom dunyosi taʼlim, fan va madaniyat tashkiloti (ICESCO) bosh direktori Salim al-Malik, Turizm qoʻmitasi raisi Umid Shadiyev va boshqa oliy martabali mehmonlar, xorijiy delegatsiyalar, mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

    Vazirlar konferensiyasi arafasida Xiva shahrida Turizmni muvofiqlashtirish qoʻmitasining 9 yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda IHTga aʼzo davlatlar – Turkiya, Senegal, Somali, Qozogʻiston, Tojikiston, Turkmaniston, Uganda, Ozarbayjon, Bangladesh, Burkina-Faso, Gabon, Misr, Iroq, Liviya, Malayziya, Singapur, Maldiv orollari, Ummon, BAA va boshqa bir qator mamlakatlar vakillari ishtirok etdilar.

    Turizm vazirlarining XII sessiyasi doirasida yuqori mansabdor shaxslarning uchta ishchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Tadbirlarda turizm infratuzilmasini rivojlantirish loyihalarini amalga oshirilishining borishi muhokama etildi, qator mamlakatlar taqdimotlari, IHT ixtisoslashgan tuzilmalarining hisobotlari tinglandi va boshqa dolzarb masalalar koʻrib chiqildi.

    Shu bilan birga, Oʻzbekistonning turizm salohiyati taqdim etildi. Taqdimotda soʻnggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, turizm biznesini rivojlantirish uchun yaratilgan imkoniyatlar, yangi turistik yoʻnalishlar va istiqbolli sarmoyaviy loyihalar haqida soʻz yuritildi. Shu tariqa, Oʻzbekistonning turizm zonalarini rivojlantirish, turistik qishloqlar va koʻchalarni tashkil etish borasidagi tajribasi ishtirokchilarning alohida eʼtiborini tortdi.

    XII sessiyaning yakuniy kunida raislik Ozarbayjondan Oʻzbekistonga oʻtdi. Shu munosabat bilan mamlakatimiz IHTda turizm sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish uchun barcha choralarni koʻrishi alohida taʼkidlandi.

    Sessiya yakunlari boʻyicha Islom dunyosining turizm shahri sifatida 2025-yilda Dakar (Senegal), 2026-yilda Qohira (Misr) va 2027-yilda Lahor (Pokiston) tanlandi.

    Anjumanda tashkilot hududida islom turizmini rivojlantirish boʻyicha strategik “yoʻl xaritasi”ni amalga oshirish, viza tartibini soddalashtirish, investitsiyalarni ragʻbatlantirish, islom turizmi maskanlari targʻiboti orqali oʻzaro turistik oqimni oshirish, kadrlar tayyorlash va standartlashtirish asosiy yoʻnalishlar sifatida belgilandi

    Shu bilan birga halol turizm xizmatlari standartlarini joriy etishga alohida eʼtibor qaratildi.

    Turizm vazirlari Islom konferensiyasining 13 sessiyasini Qatar Davlatida tashkil etishga qaror qildi.

    Anjuman doirasida “Islom dunyosining muqaddas qadamjolari” nomli rangtasvir koʻrgazmasi, hamda Xiva shahrining “Ichan-qalʼa” davlat muzey qoʻriqxonasida “Pahlavon Mahmud – Bahodirlar oʻyini” Xalqaro turniri yuqori saviyada tashkil etildi. Unda 15 davlatdan yetakchi sportchi-pahlavonlar 10 ta yoʻnalishda bellashdilar, deb xabar beradi Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.