Xivada xalqaro “Kenguru” olimpiadasi o'tkazildi

    Xiva shahar halq ta'limi bo'limiga qarashli 2-son umumiy o'rta ta'lim maktabida xalqaro “Kenguru-2021” tanlovi bo'lib o'tdi.

    “Kenguru” tanlovini Avstraliyalik matematik Piter Xollora 20 asrning 80-yillari boshlarida, eng oddiy maktab oʻquvchilariga matemetika qanchalik quvnoq va qiziqarli boʻlishi mumkinligini koʻrsatish maqsadida yaratgan. Shu sababli tanlov dunyoning 80 dan ortiq mamlakatlarida maktab oʻquvchilari va oʻqituvchilarning qalbini zabt etgan. Unda har yili dunyo boʻyicha 8 million oʻquvchi qatnashadi.

    Tanlovda ishtirok etish uchun matematikani mukammal bilish shart emas. 2-11 sinfdagi har bir oʻquvchi tanlov ishtirokchisiga aylanishi mumkin. “Kenguru” tanlovi har bir ishtirokchiga kuch va bilimlarini sinab koʻrish imkoniyatini beradi. Unda gʻoliblar va magʻlublar boʻlmaydi. Aksincha, noaniqlik va yangiliklarga tik qaraydigan va albatta umumjahon “Kenguru” birlashmasi muxlislari qatoriga qoʻshilishga tayyor yosh bilim egalari bellashadi.

    Ushbu tanlov Oʻzbekistonda 2018-yildan buyon oʻtkazilmoqda. Xivada boʻlib oʻtgan joriy yilgi bellashuvda shahar xalq taʼlimi boʻlimiga qarashli maktab oʻquvchilari, Xiva shahrida joylashgan Ogahiy ijod maktabi hamda Prezident maktabidan jami 165 nafar oʻquvchi ishtirok etdi.

    Tanlov ota-onalar kengashi aʼzolari va maktab kuzatuv kengashi raisi ishtirokida oʻtdi.

    Xiva shahrida boʻlib oʻtgan olimpiada ham qizgʻin bellashuvlar va taassurotlarga boy boʻldi. Tanlov ishtirokchilari sertifikat bilan taqdirlandi.