Xivada Xudoybergan Devonovga bagʻishlangan ekspozitsiya ochildi

    Ekspozitsiyadan Devonov ish faoliyatida qoʻllagan oʻsha davrga oid uskunalar, tarixdan hikoya qiluvchi fotosuratlar va boshqa nodir eksponatlar oʻrin olgan.

    Xivada Oʻrta Osiyoning birinchi foto va kino tasvirchisi Xudoybergan Devonovga bagʻishlangan ekspozitsiya ish boshladi. Bu haqda Madaniy meros agentligi xabar berdi.

    Xivaning Ichan qalʼasida Xudoybergan Devonov hayoti hamda ijodiga bagʻishlangan yangilangan ekspozitsiyasi ochildi. Ekspozitsiyadan Devonov ish faoliyatida qoʻllagan oʻsha davrga oid uskunalar, tarixdan hikoya qiluvchi fotosuratlar va boshqa nodir eksponatlar oʻrin olgan.

    Aytilishicha, hozirda “Ichan - Qalʼa” davlat muzey-qoʻriqxonasi jamoasi tomonidan yangi sayyohlik mavsumini muvaffaqiyatli oʻtkazish borasida qator tadbirlar amalga oshirilmoqda.

    Xorijiy va mahalliy sayyohlar nafaqat tarixiy obidalar, muzey boʻlimlaridagi ekspozitsiyalarni tomosha qilishlari, balki sanʼatkorlar ijrosidagi konsert tomoshalaridan ham bahramand boʻlishlari mumkin.

    Maʼlumot uchun, Xudoybergan Devonov 1879-yilda Xivada tugʻilgan. U 1908-yilda Xivaliklar delegatsiyasi tarkibida Sankt-Peterburg shahriga yoʻl oladi. Yosh fotosuratchi Rossiya poytaxtida ikki oy qolib ketadi.

    Shuningdek, Moskvada fotografiya va kinematografiya sirlarini chuqur oʻrganadi. Kinokamera, foto va kinotasmalar zaxirasini sotib oladi. Vatanga qaytgach u Markaziy Osiyodagi birinchi foto-kinolaboratoriyani tashkil etadi.