Farmonga koʻra, Oʻzbekistonga olib kirishda quyidagi tovarlar va transportlar uchun bojxona boji boʻyicha imtiyozlarning amal qilish muddati 2024-yil 1-yanvargacha uzaytiriladi:

- belgilangan roʻyxat boʻyicha yuridik shaxslar tomonidan, shu jumladan lizing shartnomasi asosida olib kiriladigan yangi tibbiyot asbob-uskunalari, butlovchi buyumlar va ularning ehtiyot qismlari hamda sarflash materiallari;

- nodavlat tibbiyot tashkilotlari uchun yangi tez tibbiy yordam avtomobillari;

- belgilangan roʻyxatlarga koʻra tematik xiyobonlar, mehmonxona va boshqa joylashtirish vositalarini qurish, qayta taʼmirlash va jihozlash uchun asbob-uskunalar, texnika, xomashyo, butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlar, qurilish va boshqa materiallar;

- ishlab chiqarilganiga 5 yildan ortiq boʻlmagan, yoʻlovchilarni tashishda foydalaniladigan 8 va undan ortiq oʻrindiqlarga ega transportlar;

- Oʻzbekistonda ishlab chiqarilmaydigan, transport-logistika xizmatlari koʻrsatishga moʻljallangan, belgilangan roʻyxatlardagi omborxona uskunalari, yuk ortish-tushirish texnikasi, agregatlar, ehtiyot qismlar;

- dor (osma) yoʻllari, togʻ-changʻi koʻtargichlar, funikulyorlar va boshqa oʻxshash obyektlar, “banji-jamping” va “ziplayn” attraksionlari, boshqariladigan (dirijabl, havo shari) va boshqarilmaydigan aerostatlar, gondolalar, “rafting” va “flaybording” uchun uskunalar, mexanizmlar va ehtiyot qismlar.

Oʻzbekistonga olib kirishda quyidagi tovarlar 2021-yil 1-oktyabrdan 2024-yil 1-yanvargacha bojxona bojidan ozod qilinadi:

- belgilangan roʻyxat boʻyicha taʼlim tashkilotlari uchun oʻquv laboratoriya va maxsus asbob-uskunalar va jihozlar;

- taqiqlanmagan oʻyin avtomatlari, videooʻyinlar uchun uskunalar va bouling uchun avtomatik uskunalar;

- belgilangan roʻyxat boʻyicha yuridik shaxslar tomonidan, shu jumladan lizing shartnomasi asosida olib kelinadigan yangi stomatologiya va kosmetologiya asbob-uskunalari, butlovchi buyumlar va ularning ehtiyot qismlari hamda sarflash materiallari.