Xizmatlar sifati va tezkorligi oshmoqda

    Shu kunga qadar pochta aloqasi obyektlari orqali aholiga 4 ming 750 dan ortiq davlat xizmati koʻrsatilgan.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 14-dekabrdagi “Pochta aloqasi xizmatlarini koʻrsatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida milliy operator tarmogʻini rivojlantirish boʻyicha yetarlicha choralar koʻrilmagani oqibatida Umumjahon pochta ittifoqining Pochta rivojlanishi indeksi global reytingida Oʻzbekiston 93-oʻrinda qolayotgani qayd etilgandi. Shu bois, pochta aloqasi xizmatlarini koʻrsatish tizimini tubdan takomillashtirish, sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, pochta aloqasi xizmatlarini taqdim etish faoliyatini toʻliq avtomatlashtirish orqali Pochta rivojlanishi indeksi global reytingida mamlakatimizni birinchi 50 talikka kiritish maqsadi belgilandi. Pochta aloqasi xizmatlarini koʻrsatish tizimini takomillashtirishning asosiy yoʻnalishlari belgilab berildi.

    Qaror ijrosini taʼminlash pochta aloqasi obyektlarida zamonaviy, shu jumladan, “gibrid pochta” xizmatini rivojlantirish va ish unumdorligini oshirish uchun ushbu xizmatdan foydalanish boʻyicha ellikdan ortiq davlat organi bilan shartnomalar tuzildi. Shuningdek, ikkita avtomat konvertlash uskunasi xarid qilinib, Toshkent shahrida sinovdan oʻtkazilmoqda.

    Mijozlar nomiga kelgan pochta joʻnatmalarini olishi uchun moʻljallangan oʻz-oʻziga xizmat koʻrsatuvchi avtomatlashtirilgan kompleks (pochtamat)larni joriy etish boʻyicha loyihaviy texnik hujjatlar ishlab chiqilib, tanlov oʻtkazildi. Bugungi kunga qadar oʻttizta pochtamat keltirilib, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar markaziga yetkazildi. Hozir ularga axborot tizimlari oʻrnatilmoqda.

    Davlat xizmatlari koʻrsatiladigan pochta aloqa boʻlimlari va ularning xodimlari roʻyxati shakllantirilmoqda. Jumladan, 702 ta pochta aloqa obyektida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan foydalangan holda oʻn yetti turdagi davlat xizmatlari koʻrsatilyapti. Shu kunga qadar pochta aloqasi obyektlari orqali aholiga 4 ming 750 dan ortiq davlat xizmati koʻrsatilgan.

    Bugungi kunda www.pochta.uz sayti orqali davriy matbuot nashrlariga onlayn obuna xizmati yoʻlga qoʻyildi. 250 turdan ortiq davriy matbuot nashriga onlayn obuna uyushtirish imkoniyati yaratildi. Onlayn obuna dasturi Payme va CLICK mobil ilovasi bilan integratsiya qilindi.

    Pochta xizmatlari koʻrsatish jarayonini avtomatlashtirish yuzasidan texnik topshiriq ishlab chiqilib, tanlov oʻtkazildi va ishlab chiqaruvchi bilan shartnoma tuzildi. Pochta joʻnatmalarini qabul qilish, saralash va onlayn kuzatish imkonini beruvchi avtomatlashgan axborot tizim 2021-yil 17-maydan Toshkent shahrida sinov tariqasida ishga tushirildi. Uch yuzta kompyuter va yuz ellikta koʻp funksiyali uskuna xarid qilinib, tegishli joylarga yetkazildi. Shuningdek, mingta mobilb qurilma bilan taʼminlandi.

    Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari boʻyicha xizmat koʻrsatuvchi xodimlarni uchun oʻqitish va malakasi oshirish maqsadida “Oʻzbekiston pochtasi” aksiyadorlik jamiyatining xodimlar malakasini oshirish oʻquv markazi tashkil etildi. Pochta aloqa obyektlarida amaldagi bank va moliyaviy, davlat va elektron tijorat xizmatlari koʻrsatilishini takomillashtirish hamda qoʻshimcha xizmat turlarini joriy etish boʻyicha xodimlarning malakasini oshirish yuzasidan AT “Aloqabank”, Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi va “Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki” MCHJ oʻrtasida bitim imzolangan.

    Mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlarini onlayn sotish va mijozlarga yetkazib berish, shuningdek, tovarlarni eksport qilish imkoniyatini beruvchi tizim yaratildi. Hozir “Unisavdo” milliy onlayn savdo maydonchasiga tadbirkorlar ishlab chiqargan mahsulotlarni joylashtirish boʻyicha 300 nafar ishbilarmon bilan shartnomalar tuzildi. Bugungi kunda tadbirkorlar va internet-magazinlarning 7359 turga yaqin mahsulotini “Unisavdo” milliy onlayn savdo maydonchasiga kiritish yuzasidan amaliy ishlar bajarilmoqda.

    Internet-savdo maydonchalari egalariga oʻz mahsulotlarini saqlash, yaʼni omborxona muammosini hal etish hamda internet-savdo maydonchasi orqali xarid qilingan mahsulotlarni shu yerning oʻzida tez muddatda qadoqlab, mijozlarga yetkazib berish imkoniyatini beradigan toʻrtta logistika markazi shu yil yakuniga qadar Toshkent shahri, Asaka tumani, Vobkent tumani va Urganch shahrida tashkil etiladi.

    Prezidentining mazkur qarori bozor iqtisodiyoti sharoitida raqabatbardoshlikka intilayotgan “Oʻzbekiston pochtasi” AJ va pochta xizmatlari koʻrsatayotgan koʻplab mahalliy pochta kuryerlik tashkilotlari, xorijiy kompaniyalar faoliyatini rivojlantirish uchun huquqiy asos vazifasini oʻtayapti.

    Zero, ushbu qaror boʻyicha belgilangan vazifalarni bajarish barcha soha mutaxassislari, xodimlari, mutasaddi korxona va tashkilotlar oldida turgan muhim va dolzarb, kechiktirib boʻlmaydigan masalalardan hisoblanadi. Chunki pochta xizmatlaridan foydalanish yurtdoshlarimiz kundalik hayotidagi eng muhim zaruratdir.

    Mohinur QUDRATULLAYEVA,

    Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi

    axborot xizmati masʼul xodimi