Xizmatlar va servis: mo'may daromad, imkoniyatlar manbai

    Bugun xizmatlar va servis sohasiga ehtiyoj ortib bormoqda. Shu bois, bu soha mo'may daromad manbai sanaladi. O'zbekistonda ham bu borada katta imkoniyatlar mavjud. Bundan unumli va maqsadli foydalanish esa xalqimiz turmush darajasini yuksaltirishga xizmat qilishi shubhasiz. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev raisligida o'tgan videoselektor yig'ilishida ana shu jihatlar e'tiborga olinib, xizmatlar va servis sohasini rivojlantirishga qaratilgan ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

    Erkinjon TURDIMOV,

    Samarqand viloyati hokimi:

    — 96 ming 535 nafar jismoniy va yuridik shaxsga tadbirkorlik uchun 5 trillion 685 milliard so'm kredit mablag'lari ajratildi. Bu o'tgan yilga nisbatan 1 trillion so'mdan ziyod mablag' berilganini bildiradi. Xususan, 19 ming 307 xonadonga oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishi uchun 549 milliard so'm miqdorida kredit mablag'lari yo'naltirildi.

    Samarqand shahrida metal kombinat faoliyati yo'lga qo'yildi. Bu erda joriy yilda 40 ming tonna metal qayta ishlandi. Kelgusi yilda uning quvvatini 140 ming tonna metalni qayta ishlashga etkazib, 600 ga yaqin fuqaroni ish bilan ta'minlash ko'zda tutilgan. Bugungi kunda ushbu korxonaga 58 million AQSH dollari miqdorida to'g'ridan-to'g'ri investisiya kiritildi.

    Prezidentimiz yig'ilishda xizmatlar va servis sohasini rivojlantirishga alohida e'tibor qaratdi. Xizmatlar va servis sohasi ko'proq ishchi o'rin yaratadigan yo'nalish hisoblanadi. Bugungi kunda yalpi ichki mahsulotimizda xizmatlar ulushi bor-yo'g'i 36 foizni tashkil etmoqda. Rivojlangan davlatlarda bu ko'rsatkich eng kami 60 foizdan yuqori ekani ham xizmatlarga katta e'tibor qaratishimiz lozimligini ko'rsatmoqda.

    Xizmatlar bo'yicha qo'shimcha 1 trillion so'mdan ortiqroq pul mablag'lari kredit tariqasida tadbirkorlik sub'ektlariga ajratilishi belgilab berildi. Mablag' bor, demak, tadbirkorlik, jumladan, xizmatlar sohasini rivojlantirishga katta e'tibor qaratishimiz kerak.

    Albatta, bu masala bo'yicha alohida dasturlar qabul qilamiz va tadbirkorlar bilan tez-tez uchrashib, ularning loyihalari bilan tanishib, yaqin madadkor bo'lamiz.