Mehnat munosabatlari tizimini takomillashtirish boʻyicha yangi qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida mehnat sharoitlarini yaxshilash boʻyicha hamkorlikni yanada rivojlantirish, mehnat sohasiga xalqaro standartlarni joriy etish masalalari koʻrib chiqildi.
Taʼkidlanganidek, XMTning bevosita koʻmagida iqtisodiyotning turli tarmoqlarida monitoring tadbirlari yuqori darajada tashkil etib borilyapti. Oʻtgan yili mehnat sharoitlari, jumladan, qurilish sohasida majburiy mehnatdan foydalanish holatlari tahlili oʻtkazildi.
“2021-2025-yillarga moʻljallangan munosib mehnatni taʼminlash boʻyicha mamlakat dasturi”ni amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”da belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirishda hozirdanoq natijalar borligi alohida aytib oʻtildi.
Shuningdek, Xalqaro mehnat tashkilotining Ijtimoiy adolat koalitsiyasini tuzish, Oʻzbekistonni Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidan birinchilardan boʻlib Koalitsiya aʼzolari qatoriga kirgani va oldinda turgan vazifalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Munosib mehnat va ijtimoiy himoya tamoyillarini joriy etish, norasmiy bandlikka qarshi kurashish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini asosiy daromad bilan taʼminlash, mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish sohasida xalqaro standartlarni joriy etish masalalari tahlil etildi.
XMT bilan izchil hamkorlikni mehnat munosabatlari sohasida yangi qoʻshma loyiha va dasturlarni amalga oshirish orqali mustahkamlash zarurligi qayd etildi.
Uchrashuv soʻngida XMT konvensiyalarini ratifikatsiya qilish va ularning ijrosini taʼminlash yoʻnalishida hamkorlikni yanada kengaytirishga kelishib olindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.