Xodim ishga tiklandi, masʼullar intizomiy jazolandi

    Ijtimoiy hayot 17 May 2022 1905

    Sirdaryo viloyat Adliya boshqarmasi tomonidan fuqaro oʻz ish joyiga qayta tiklandi.

    “Sogʻliqni saqlash va taʼlim tizimi xodimlarining huquqlarini himoya qilish” aksiyasi doirasida joylarda soha xodimlari bilan olib borilayotgan uchrashuv va muloqotlar inson huquqlarini himoya qilish, xodimlarning buzilgan huquqlarini tiklash barobarida, yoʻl qoʻyilishi mumkin boʻlgan qonun buzilishlarning oldini olishda muhim omil boʻlyapti.

    Fuqaro Iroda Qarshiboyevaning Sirdaryo viloyati Adliya boshqarmasiga yoʻllagan murojaati ham mazkur aksiya doirasida ijobiy yechim topdi.

    Iroda 2020-yilda Sirdaryo viloyati “Bolalar kutubxonasi”da kotiba vazifasiga ishga qabul qilingan edi.

    Bir yildan soʻng, u kishi “Yangi axborot texnologiyalari va internet sinfi” boʻlimiga asosiy xodim bola ikki yoshga toʻlgunga qadar uni parvarishlash taʼtilidan qaytgunga qadar boʻlim boshligʻi lavozimiga vaqtincha ishga oʻtkazildi.

    I. Qarshiboyeva boʻlim boshligʻi lavozimiga oʻtkazilganligi munosabati bilan u bilan 2020-yil 2-sentyabrda tuzilgan mehnat shartnomasi oʻz-oʻzidan bekor boʻldi.

    Kutubxona direktorining shartnomani bekor qilish toʻgʻrisidagi buyrugʻiga shtatlar soni qisqarganligi va I. Qarshiboyevaning mutaxassisligi toʻgʻri kelmaganligi sabab qilib koʻrsatilgan.

    Irodaning mazkur masala yuzasidan murojaati qonunchilik talablari asosida Sirdaryo viloyati adliya boshqarmasida oʻrganib chiqildi.

    Oʻrganish mobaynida Sirdaryo viloyati “Bolalar kutubxonasi” tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining talablari buzilishiga yoʻl qoʻyilganligi aniqlandi.

    Jumladan, Mehnat kodeksining 96-moddasida “Doimiy boshqa ishga oʻtkazish ish beruvchining buyrugʻi bilan rasmiylashtiriladi. Boshqa doimiy ishga oʻtkazish haqida buyruq chiqarish uchun xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasiga kiritilgan oʻzgarishlar asos boʻladi. Vaqtincha boshqa ishga oʻtkazish uning muddati koʻrsatilgan holda buyruq bilan rasmiylashtiriladi”, deb belgilangan.

    Shuningdek, Mehnat kodeksining 105-moddasi uchinchi qismida “Ish joyi (lavozimi) saqlanishi lozim boʻlgan xodimning ishda boʻlmagan vaqtiga moʻljallab tuzilgan mehnat shartnomasi shu xodim ishga qaytgan kundan eʼtiboran bekor qilinadi”, deb belgilab qoʻyilgan.

    Yuqoridagilarga asosan, Adliya boshqarmasi tomonidan fuqaro I. Qarshiboyevani oʻz ish joyiga tiklash hamda qonun hujjatlarining buzilishi, ularning sabablari va bunga olib keluvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish toʻgʻrisida Sirdaryo viloyati “Bolalar kutubxonasi”ga taqdimnoma kiritildi.

    Taqdimnoma ijrosi natijasida, Iroda Qarshiboyeva ishga tiklandi, qonun buzilishiga yoʻl qoʻygani uchun xodimlar boʻlimi boshligʻi N.Davronovaga “Hayfsan” intizomiy jazosi berildi.

    Timur Karimov,

    Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi

    Inson huquqlarini himoya qilish boʻlimi boshligʻi.