Xodimlarning korrupsiyaga qarshi barqarorlik darajasi diagnostikadan oʻtkaziladi

    Davlat organlarida xodimlarning korrupsiyaga qarshi barqarorlik darajasini diagnostikadan oʻtkazish tizimi joriy etiladi.

    Bu haqda Prezidentning “Davlat xizmatida boshqaruv samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonida belgilangan. Farmonga koʻra, quyidagilar diagnostikadan oʻtkaziladi:

    • 2026-yil 1-yanvardan korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalarining rahbar va masʼul xodimlari hamda ushbu lavozimlarga nomzodlar;
    • 2026-yil 1-iyundan sohalar nazoratiga masʼul inspeksiyalarda korrupsiyaviy xavf-xatar darajasi “yuqori” va “oʻrta” boʻlgan funksiyalar yuklatilgan lavozimlarda faoliyat yuritayotgan xodimlar hamda ushbu lavozimlarga nomzodlar;
    • 2027-yil 1-yanvardan boshqa davlat organlarida korrupsiyaviy xavf-xatar darajasi “yuqori” va “oʻrta” boʻlgan funksiyalar yuklatilgan lavozimlarda faoliyat yuritayotgan xodimlar va ushbu lavozimlarga nomzodlar.

    Diagnostika Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining buyurtmasiga muvofiq Rahbar kadrlarni baholash markazi tomonidan oʻtkaziladi.

    Diagnostika natijasiga koʻra xodimning korrupsiyaga barqarorlik darajasi “past” deb baholanishi mazkur lavozimda mehnat munosabatlarni davom ettirishiga monelik qiluvchi holat hisoblanadi.

    Bunda xodim korrupsiyaviy xavf-xatar darajasi “past” boʻlgan boshqa lavozimga majburiy ravishda rotatsiya qilinadi.