Namangan viloyati prokuraturasi organlari tomonidan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida nazorat tadbirlari o'tkazib kelinmoqda. Xususan, 2023-yilning birinchi yarmi uchun mo'ljallangan rejaga ko'ra mazkur loyiha doirasida 2022-yilda qilingan ishlar o'rganildi.
Shuni qayd etish kerakki, “Yashil makon” loyihasining bajarilishini o'rganish yuzasidan mas'ul idoralar bilan hamkorlikda hududiy shtab hamda nazorat guruhlari tashkil etilgan.
Nazorat guruhlari ko'chat ekilishini o'rganganida bir qator qonunbuzilishlarni aniqladi. Jumladan, hududlarda belgilangan ko'chat ekish rejasi erlarga nomuvofiq taqsimlangan, ko'chat o'rniga terak, tol, atirgul qalamchalari ekilib, reja xo'jako'rsinga bajarilgan.
Viloyat prokuraturasi tomonidan 2022 yil 20 oktyabrdan 1 dekabrgacha dolzarb qirq kunlikda maktab, bog'cha va sog'liqni saqlash muassasalarida ekilgan ko'chatlarning haqqoniyligi tahlil qilinganida, 375,6 mingta ko'chat qo'shib yozilgani aniqlandi. Masalan, Namangan tumanidagi ta'lim muassasalarida 2900 ta daraxt ekish rejalashtirilgan, haqiqatda esa 1900 ta ko'chat ekilgan.
Tuman ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo'limi tomonidan birgina 32-maktabning 0,55 gektar eriga 80 ming dona terak qalamchasi qadalgan.
Qalamchalarning zich ekilishi agrotexnik tadbirlar o'tkazilishiga imkon bermaydi. Bu esa qalamchalarning kasallanishi va sifatli ko'chat bermasligiga olib kelgan.
Shuningdek, Namangan tumani xalq ta'limi bo'limi “Musaffo yangi asr” va “Davr yangi hayot” MChJlar bilan tuzilgan elektron shartnomalar asosida olingan 45 mln so'mlik, tuman obodonlashtirish boshqarmasi “Ideal mega trade povar” MChJ bilan tuzilgan shartnoma asosida olingan 17 mln so'mlik terak ko'chatlarini ekmagan, shu tariqa davlatning 62 mln so'm mablag'i talon-toroj qilingan.
“Huquq” gazetasining yozishicha, mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishi qo'zg'atilib, jazo muqarrarligi ta'minlandi. Alohida qayd etish joizki, viloyat prokuraturasi tashabbusi bilan bu sohani nazorat qilishda foydalanish uchun manzarali, mevali daraxt va butalarni ekish tartibi, mexanizmi hamda agrotexnik tadbirlari yuzasidan to'plam chiqarildi.