баннер
1 Apr 2025
23:00

    Xo‘jayli tuman Davlat xizmatlari markazining yangi binosi foydalanishga topshirildi

    Mamlakatimizda 12 Dekabr 2021 1281

    Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumani Davlat xizmatlari markazi yangi binoda faoliyatini boshladi.

    Yangi binoning qurilishida uning zamonaviy shaharsozlik me'yorlariga mos kelishi, fuqarolar, ayniqsa, jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun eng qulay sharoitlar yaratilishiga alohida e’tibor qaratildi. Markazda elektron navbat tizimi, ma’lumot kioski, o‘z-o‘ziga elektron xizmatlar olish burchagi, bolalar maydonchasi va mini kutubxona mavjud.

    Ta’kidlash joiz, ko‘plab davlat xizmatlaridan ekstraterritorial asosda, ya'ni yashash va ro‘yxatga qo‘yilgan manzilidan qat'iy nazar foydalanish mumkin. Bu yerda kuniga 200 nafargacha aholiga 160 ga yaqin davlat xizmatini ko‘rsatish imkoniyati mavjud.

    Markaz aholining barcha qatlamlariga, jumladan, yosh bolali ayollar, turli guruhdagi nogironligi bo‘lgan shaxslar, yoshlar va keksalarga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan. 125 ming nafardan ortiq aholi istiqomat qiladigan tumanda ularning 2,5 foizini nogironligi bo‘lgan shaxslar, 7,5 foizini keksalar tashkil etadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tumandagi Xalq qabulxonasi, tuman FHDYo bo‘limining bir binoda joylashishi aholiga yanada qo‘laylik yaratadi.

    Davlat xizmatlari agentligi, yevropa Ittifoqi va BMT Taraqqiyot dasturining «O‘zbekistonning qishloq joylarida davlat xizmatlari ko‘rsatishni takomillashtirish va boshqaruv darajasini oshirish» Qo‘shma loyihasi doirasida pilot hududlardagi, xususan, Xo‘jayli tumanidagi Davlat xizmatlari markazini ham zamonaviy IT va kommunikatsiya uskunalari, fuqarolar uchun qulay kutish zonasi bilan ta’minlanyapti.

    Bundan tashqari, Qo‘shma loyiha doirasida davlat xizmatlarini olishda qulaylik yaratish uchun Brayl alifbosidan keng foydalanish, nogironligi bo‘lgan shaxslarga xizmat ko‘rsatishga o‘qitish maqsadida operatorlar uchun treninglar tashkil etish va davlat xizmatlari portalida alohida ehtiyojli shaxslar uchun maxsus yorliq (ilova) ishlab chiqish joriy etilgan. Aholining kompyuter savodxonligini oshirish, AKT va yagona davlat xizmatlari portalidan foydalanishga o‘rgatuvchi kurslar tashkil etiladi.

    Davlat xizmatlari agentligi

    Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi matbuot xizmati.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech