Xoʻjayli tumanidagi gaz quvurida yongʻin sodir boʻldimi?

    Energetika 5 Iyun 2023 1071

    Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan Qoraqalpogʻistonning Xoʻjayli tumanidan oʻtuvchi gaz quvurida sodir boʻlgan yongʻin haqida maʼlumot berildi.

    2023-yil 4-iyun kuni soat 19:15 da Buxoro – Ural magistral gaz quvurining 464 kilometridan ulangan, 1982-yilda foydalanishga topshirilgan “Nukus-2” GTSga boruvchi 530 mm diametrli tarmoq gaz quvurining 2,3 kilometrida gaz sizib chiqishi tufayli yongʻin yuz berdi.

    Soat 19:30 da kranlar toʻliq yopilib, yongʻin bartaraf qilingan.

    Ushbu holat boʻyicha voqea joyiga soat 19:45 da “Urganchtransgaz” unitar korxonasi tasarrufidagi Qoʻngʻirot magistral gaz quvurlari boshqarmasiga qarashli Xoʻjayli sanoat maydonchasining 15 nafar xodimi va 5 ta maxsus texnikadan iborat avariya-tiklash guruhi yetib borgan.

    Avariya-tiklash ishlari davomida “Nukus-2” GTSdan tabiiy gaz bilan taʼminlanuvchi isteʼmolchilarga “Shoʻrkoʻl” GTSi bilan ulangan halqali gaz tarmogʻi orqali tabiiy gaz yetkazib berilib, faqat “Hududgaztaʼminot” AJga qarashli AGTKSHlarga tabiiy gaz yetkazib berish vaqtincha toʻxtatilgan.

    Gaz sizib chiqish natijasida sodir boʻlgan yongʻin oqibatida D-530 mm boʻlgan yuqori bosimli gaz quvurining yaroqsiz holga kelgan 10 metr uzunlikdagi qismi toʻliq almashtirilgan.

    Avariya-tiklash ishlari bugun soat 10:30 da yakunlandi. Soat 11:00 dan eʼtiboran barcha isteʼmolchilarga tabiiy gaz toʻliq yetkazib berila boshlangan.

    Keltirilgan noqulaylik uchun isteʼmolchilardan uzr soʻraymiz.