25 Apr 2025
10:36

    Xokkey boʻyicha Oʻzbekiston U-18 terma jamoasi jahonni zabt etdi

    Yaqinda Tailandning Bangkok shahrida xokkey boʻyicha oʻtkazilgan U-18 jahon chempionatida Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi xokkey jamoasi gʻolib boʻldi.

    Oʻzbekiston terma jamoasi ilk marta bunday nufuzli chempionatda ishtirok etganiga qaramay, barcha jamoalar ustidan oʻta ishonchli va yirik hisobda gʻalabaga erishdi. Masalan, Janubiy Afrika Respublikasini 12:0, Lyuksemburgni 12:1, Turkmanistonni 8:2, Bosniya va Gersegovinani 11:3 va nihoyat hal qiluvchi bahsda Tailand jamoasini 3:2 hisobida yengdi va mutlaq chempion boʻldi.

    Jamoa sardori Jasurbek Rustamxonov 14 ta goli (shaybasi) va 8 ta uzatmasi evaziga turnirning “Eng yaxshi hujumchi” va “Eng yaxshi oʻyinchi”, Rustam Ergashev esa “Eng yaxshi darvozabon” nominatsiyasiga munosib koʻrildi.

    — Bu bizning birinchi ishtirokimiz. Shu bois, katta hayajon hamda masʼuliyat yukladi, — deydi Jasurbek Rustamxonov. — Chempionatga qatʼiy intizom asosida tay­yorgarlik koʻrdik. Natijada barcha jamoani yirik hisobda yengdik. Oxirgi oʻyin qiyinroq kechdi, ammo uyushqoqlik bilan mezbonlar terma jamoasini ham yengdik. Bizning bu gʻalabamiz Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda sportning xokkey turini rivojlantirishga koʻrsatilayotgan yuksak eʼtibor va yosh sportchilar uchun yaratib berilayotgan sharoit hamda imkoniyatlar natijasidir. Bugungidek ragʻbat va eʼtibor bizni ruhlantiradi hamda keyingi muhim oʻyinlarda kuch beradi.

    Chempionlarimizni tayyorlagan murabbiylar shtabi Normunds Seeys, Abdumajid Nosirov va Roman Krivomazov kabi tajribali mutaxassislardan iborat. ­Uchrashuvda murabbiylar yurtimizda barcha sport turlari qatori xokkeyga qaratilayotgan eʼtibor va ishonch uchun minnatdorlik bildirdi.

    — Bizga ishonch bildirgan va faoliyat yuritishimiz uchun keng imkoniyatlar yaratib bergan Prezidentimizga katta rahmat, — deydi terma jamoa murabbiyi Abdumajid Nosirov. — Ushbu chempionatdan avval Osiyo turnirlarida qatnashib, tajriba toʻplaganmiz. Bir necha nufuzli musobaqada gʻolib boʻlganmiz. Jahon chempionatiga bir yil tayyorlandik. Bugungi gʻalaba shukuhi va kayfiyat mana shunday mehnatlar samarasidir. Shogirdlarim bundan juda xursand. Oʻziga ishonchi baland. Mana shu ruhda davom etib, bundan keyin ham katta marralarni zabt etishni koʻzlayapmiz. Ushbu gʻalaba jamoamizga kelgusi yili III divizionning “A” guruhida qatnashish imkoniyatini taqdim etdi.

    Xoʻsh, bu nima degani? Xalqaro xokkey federatsiyasi tomonidan tashkil etiladigan U-18 jahon chempionati bir necha divizionga boʻlingan. Jamoalar oʻz darajasiga qarab turli divizionda qatnashadi. III B divizion — past darajadagi divizionlardan biri. Oʻzbekiston U-18 terma jamoasi shu divizionda ishtirok etib, barcha raqiblarini magʻlub etdi va III A divizioniga koʻtarilish huquqini qoʻlga kiritdi.

    Jamoamiz bu divizionda ham gʻolib chiqsa, keyingi bosqichga — II divizionga koʻtarilishi mumkin. Boshqacha aytganda, har bir bosqichda gʻolib boʻlgan jamoa yuqoriroq divizionga chiqadi, eng kuchsiz jamoa esa quyiga tushib ketadi. Bu xokkeyda “koʻtarilish va tushib ketish” tizimi deb ataladi. Oʻzbekistonning III A divizioniga chiqishi xalqaro miqyosda kuchliroq jamoalar bilan bellashish va tajriba orttirish uchun katta imkoniyat, degani.

    Xokkey jamoaviy oʻyini sportchilardan oʻziga xos chaqqonlik, favqulodda hushyorlik va muz ustida yerdagidek erkin harakat qila olish mahoratini talab etadi. Xokkeyning rasmiy oʻyinlari odatda -5 gradus atrofidagi muhitda oʻtkaziladi. Ochiq havodagi oʻyinlarda undan ham sovuq boʻlishi mumkin. Oʻyin davomida xokkeychilar juda katta tezlikda — soatiga 40-50 kilometrdan 180 kilometrgacha harakatlanadi va oʻrtacha 6-8 kilometr masofani bosib oʻtishi mumkin.

    Rashid XOʻJAMOV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

    Telegram kanalimiz
    Text to speech