Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-apreldagi “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi qarori asosida mahallalar boʻyicha yangi elektr tarmoqlari oʻtkazish bilan birga rekonstruksiya va modernizatsiya ishlari ham bajarilmoqda.

Jumladan, oʻtgan yili Xorazm viloyatida “Obod qishloq va ”Obod mahalla" dasturlari doirasida 427 km elektr uzatish tarmoqlari oʻtkazilib, 158 ta transformatorlik punkti oʻrnatilgan boʻlsa, shu yilning oʻtgan davrida 462,7 km elektr uzatish tarmoqlari tortilib, 203 ta transformatorlik punkti ishga tushirildi. Yil yakuniga qadar yana 730,8 km elektr uzatish tarmoqlari oʻtkazilishi va 305 ta transformatorlik punkti qurilishi rejalashtirilgan.

Bajarilgan ishlar hajmi oldingi yillarga qaraganda koʻp boʻlishiga qaramay, aksiyadorlik jamiyati xodimlari rejani yil yakunigacha toʻliq uddalashga qatʼiy kirishgan.

Jumladan, isteʼmolchilarning elektr energiyasiga boʻlgan talabini qoplash, qurilish va rekonstruksiya ishlarini yakuniga yetkazish uchun jamiyat tomonidan 39 ta brigada, 22 ta maxsus texnika jalb qilingan.

Sohiba GʻOYIPOVA,

“Xorazm hududiy elektr tarmoqlari” AJning

umumiy masalalar boʻyicha direktori