Bojxona organlari tomonidan tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanmasiga qarshi tizimli kurash olib borilmoqda.

Xususan, Toshkent shahar bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi boʻlimi xodimlari tomonidan Toshkent shahar Milliy gvardiya boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda respublikamiz hududiga juda koʻp miqdordagi tamaki mahsulotlarini aylanma yoʻllar orqali noqonuniy olib kirilishi, saqlanishi va ularni muomalaga kiritilishini oldini olish yuzasidan tezkor tadbirlar oʻtkazildi.

Tezkor tadbir davomida avvaldan kuzatuvga olingan Toshkent shahar, Yashnobod tumanidagi xonadonlardan biri belgilangan tartibda xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganida, ushbu xonadondan xorijda ishlab chiqarilgan, Oʻzbekiston Respublikasiga qonuniy olib kirilganligini tasdiqlovchi hujjatlari boʻlmagan va Oʻzbekiston aksiz markasi bilan markalanmagan qiymati 245 mln. 520 ming soʻmlik 29 turdagi 16680 quti tamaki mahsulotlari borligi aniqlandi.

Navbatdagi holatda Toshkent shahar, Mirobod tumanida joylashgan xonadonlardan biri belgilangan tartibda xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganida, qiymati 12 mln 600 ming soʻmlik 1050 quti “Esse Change” nomli tamaki mahsulotlari noqonuniy tarzda saqlanib kelinganligi fosh etildi.