Oʻtkazilgan tezkor tadbirlarda, Xorazm viloyatidagi tumanlardan birining Oʻsimliklar karantini va himoyasi boʻlimi boshligʻi xizmat mavqeyidan foydalangan holda, qishloq xoʻjaligida ishlatiladigan mineral oʻgʻitlar va biokomplekslar savdosi bilan shugʻullanuvchi MCHJga tegishli 27 tonna “Biostimulyator” oʻsimliklar ozuqasini mahalliy fermer xoʻjaliklariga qimmat narxlarda sotish uchun shartnoma tuzishda amaliy yordam berish evaziga 10 ming AQSH dollari olgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ushlandi.

Hozirda ushbu mansabdor shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a, v” bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Sirdaryo viloyatida kuzatilgan holatda esa “Gulistonshahargaz” gaz taʼminoti boʻlimi kichik, oʻrta biznes va byudjet isteʼmolchilari bilan ishlash boʻlinmasining yetakchi muhandisi hamda mahallabay ishlash xizmati boshligʻi oʻzaro til biriktirib, mahalliy fuqaroning xonadonida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganlik holati yuzasidan aniqlangan 164 mln. soʻmlik zarar summasini 14 mln. soʻmgacha kamaytirib berganliklari evaziga 1000 AQSH dollari talab qilishadi.

DXXning Sirdaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda IJQKD hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda muhandis ushbu pul mablagʻini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Mazkur holat yuzasidan muhandis va boʻlim boshligʻiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.