Xorazm va Surxondaryo viloyatlarida elektr stansiyalar quriladi

    Energetika 31 Iyul 2021 625

    Bu Prezidentning 24.07.2021-yildagi PQ-5193-son qarori (1), PQ-5195-son qarorida (2) nazarda tutilgan.

    Hujjatga (1) asosan “Stone City Energy” kompaniyasi (Niderlandiya) kompaniyasi $1,2 mlrdga teng boʻlgan Surxondaryo viloyatida quvvati 1 500-1 600 MVt boʻlgan bugʻ-gaz elektr stansiyasini 25 yil davomida qurish investitsiya loyihasini amalga oshiradi.

    Loyihani amalga oshirish maqsadida “SCE Quvvat” MCHJ (loyiha kompaniyasi) tashkil etilgan. Qurilish davridagi oʻz majburiyatlari lozim darajada bajarilishining taʼminoti sifatida u $30 mln miqdorida bank kafolatini taqdim etadi.

    Hujjatga (2) asosan “Hidro Enerji Elektrik Uretim Sanayi A.Ş.” (Turkiya Respublikasi) kompaniyasi Xorazm viloyatida 25 yil davomida quvvati 174 MVt boʻlgan gaz-porshenli elektr stansiyasini qurish investitsiya loyihasini amalga oshiradi. Loyihani amalga oshirish maqsadida “Odaş Enerji SA” MCHJ (loyiha kompaniyasi) tashkil etilgan. Qurilish davridagi oʻz majburiyatlari lozim darajada bajarilishining taʼminoti sifatida u $1,3 mln miqdorida bank kafolatini taqdim etadi.

    Hujjatlar bilan “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari" AJ va loyiha kompaniyalari oʻrtasida investitsiya loyihalari doirasida Elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisidagi bitim ham maʼqullangan, ularga muvofiq:

    • loyiha kompaniyalari ishlab chiqarilgan elektr energiyasini kafolatlangan tarzda “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ timsolida yagona xaridorga sotish majburiyatini olgan;
    • “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ 25 yil davomida elektr energiyasini kafolatlangan tarzda xarid qilish majburiyatini oladi va elektr energiyasi uchun toʻlovni milliy valyutada amalga oshiradi;
    • “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ elektr energiyasini 3 oy mobaynida sotib olishni qoplash uchun majburiyatlar bajarilishining taʼminoti sifatida loyiha kompaniyalari foydasiga chet el valyutasida imtiyozli, qoplanmaydigan shartsiz bank kafolati taqdim etadi.

    Hujjatlar Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 24.07.2021-yildan kuchga kirdi.

    Elmira Siraziyeva.