Unda Xorazm viloyati musiqali drama teatri direktori D.Ibragimova boshchiligidagi raqs va musiqa ansambli jamoasi oʻz madaniy dasturi bilan ishtirok etdi.
Tadbirda Turkiyaning ijtimoiy, siyosiy, ilmiy, akademik, ishbilarmon doiralari va xorijiy diplomatiya korpusi, shuningdek, OAV vakillari qatnashdilar.
Konsert dasturi avvalida koʻhna Samarqand, Buxoro, Xiva va Qoʻqon shaharlarining boy madaniy va tarixiy meʼrosi hamda Yangi Oʻzbekistonda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari aks etgan videolavha tomoshabinlarning eʼtiboriga havola qilindi.
“Dunyo” AA muxbirining taʼkidlashicha, tadbir qatnashchilari oʻzbek xalqining nomoddiy madaniy meroslaridan biri va YUNESKO reprezentativ roʻyxatidan joy olgan “Lazgi” raqsi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bilan ham tanishdilar.
TURKSOY tashkiloti Bosh kotibining oʻrinbosari Bilal Chakiji oʻz nutqida Oʻzbekiston davlat mustaqillikning 30 yilligi munosabati bilan TURKSOY tashkiloti nomidan oʻzbek xalqini muborakbod etar ekan, yurtimizga bardavom tinchlik-xotirjamlik va yangi muvaffaqiyatlar tiladi.
Oʻz navbatida Kechiorin tumani hokimi Turgut Altinok bunday madaniy tadbirlar qardosh xalqlarimiz oʻrtasidagi oʻzaro hamjihatlikni yana-da kuchaytirishga xizmat qilishini qayd etdi.