Xorazm viloyatida yangi quyosh elektr stansiyasi ishga tushiriladi

    Jahon banki Oʻzbekiston uchun bank kafolati koʻrinishidagi 3,5 mln dollarlik moliyalashtirishni maʼqulladi. Quyosh elektr stansiyasini 2025-yil noyabr oyida ishga tushirish rejalashtirilgan.

    Xorazm viloyatida yangi quyosh elektr stansiyasi ishga tushiriladi. Bu haqda Jahon bankining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi maʼlum qildi.

    Taʼkidlanishicha, Jahon banki Oʻzbekiston uchun bank kafolati koʻrinishidagi 3,5 mln dollarlik moliyalashtirishni maʼqulladi.

    Ushbu kafolat “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ davlat kompaniyasining quvvati 100 MVt boʻlgan yangi quyosh elektr stansiyasida ishlab chiqariladigan elektr energiyasini xarid qilish boʻyicha toʻlov majburiyatlarini oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlaydi.

    Xorazm viloyatidagi ushbu obyektni qurish va ekspluatatsiya qilish bilan Fransiyaning “Voltalia” kompaniyasi shugʻullanadi.

    Quyosh elektr stansiyasini 2025-yil noyabr oyida ishga tushirish rejalashtirilgan. U 177 gektar maydonda joylashgan boʻlib, yiliga 240 gigavatt-soatdan ortiq qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqaradi.

    Uning faoliyati yiliga 230 ming tonnadan ortiq karbonat angidrid chiqindilarini kamaytirish va 60 mingga yaqin uy xoʻjaliklarini toza energiya bilan taʼminlash imkonini berishi kutilmoqda.

    Loyiha mamlakatning toza energiya ishlab chiqarishni koʻpaytirish va “yashil” iqtisodiyotga oʻtish borasidagi saʼy-harakatlariga salmoqli hissa qoʻshadi.