“Xavfsiz va sogʻlom yurt” tezkor-profilaktik oyligi doirasida Xorazm viloyati IIB tezkor xodimlari tomonidan Urganch shahridagi tungi klublarda reyd tadbirlari oʻtkazilgan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, viloyatda huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari tomonidan tungi paytda faoliyat olib boruvchi kafe, bar va restoranlarda nazorat-reyd tadbirlari amalga oshirilgan.
Tadbir davomida tungi klublardan birining rahbari voyaga yetmagan 7-sinf oʻquvchisi boʻlgan 14 yoshli qizni tungi klubda raqqosalik bilan shugʻullanishiga yoʻl qoʻyib kelayotgani aniqlangan.
Holat yuzasidan klub rahbariga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 188-moddasi (voyaga yetmagan shaxsni gʻayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish) 2-qismi bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan va belgilangan tartibda tushuntirish ishlari olib borilgan.
Qoʻshimcha qilinishicha, tungi klubda ijtimoiy xavfli ahvolda qarovsiz va nazoratsiz qolgan 14 yoshli qiz Xorazm viloyati IIBga qarashli voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markaziga joylashtirilgan.
Reyd davomida tungi klublar rahbarlari va ishchilariga nisbatan 24 ta holatda maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Bundan tashqari, tungi klublarda boʻlgan 76 nafar shaxsdan OITSga qarshi kurashish markazi xodimlari tomonidan mobil laboratoriya orqali qon namunalari olingan.