Xorazmda Al-Xorazmiy nomidagi Xalqaro fizika-matematika maktab-internati tashkil etildi

    Ta'lim 5 Aprel 2021 5474

    Bugun Xorazm viloyatining Shovot tumanida 45 yildan beri faoliyat yuritib, yetuk kadrlar yetishtirib kelayotgan Al-Xorazmiy nomli fizika-matematikaga ixtisoslashtirilgan maktab-internat negizida Al-Xorazmiy nomli Xalqaro maktab-internatining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi, deya xabar bermoqda Xalq taʼlimi vazirligi axborot xizmati

    Ochilish marosimida maktabning faxriy ustozlari, sobiq bitiruvchilari, ota-onalar, shuningdek Xorazm viloyat hokimi Farhod Ermanov, Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov, ushbu maktabning sobiq bitiruvchisi Adliya vaziri Ruslanbek Davletov qatnashib, mamlakatimizda taʼlim sohasida olib borilayotgan islohotlar ahamiyati haqida gapirdilar.

    Bundan bir yil avval Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xorazmga tashrifi chogʻida alohida tilga olib oʻtilgan ushbu maktab negizida Xalqaro maktab internat tashkil qilish toʻgʻrisidagi Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilingan edi. Oradan bir yil oʻtib ushbu zamonaviy, innovatsion taʼlim dargohi padegoglar jamoasi va oʻqituvchilarga tantanali ravishda topshirildi.

    Taʼkidlash joiz, mazkur maktab isteʼdodli yoshlarni tarbiyalash boʻyicha oʻziga xos boy tajribaga va koʻrsatkichlarga ega. Maktabni tamomlagan 3 719 nafar oʻquvchidan 3 014 nafari, yaʼni bitiruvchilarning 81 foizi oliy oʻquv yurtlariga oʻqishga kirgan. 81 nafar oʻquvchilar matematika va fizika fanlaridan respublika olimpiadalarida, 34 nafar oʻquvchilar esa xalqaro olimpiadalarda munosib ishtirok etgan.

    Maktabdan 105 nafar fan doktori va fan nomzodi yetishib chiqqan. Shuningdek maktab bitiruvchilaridan 2 nafari senator, bir nafari Prezident maslahatchisining birinchi oʻrinbosari, yana bir nafari vazir, ikki nafari respublika bank raisi va oʻrinbosari, 14 nafari hokim va oʻrinbosarlar, 100 nafari sud va huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlaridir.

    Taʼkidlash joizki, maktab tashkil etilgan 1976-yildan beri oʻtgan 45 yil ichida biror marta ham kapital taʼmirlanmagan. Endilikda esa qisqa fursatda zamonaviy tipdagi mazkur smart inshoot shinam va koʻrkam koʻrinishda qad rostladi. Maydoni 32 ming kvadrat metr boʻlgan zamonaviy kampusda 7 ta blokdan iborat inshootlar, xususan, oʻquv binosi, maʼmuriyat, oshxona, 400 oʻrinli zamonaviy yotoqxona, mehmonxona, sport zallari hamda dam olish maskanlari joy olgan.