Xorazmda ilk bor laparoskop yordamida buyrak transplantatsiyasi o‘tkazildi

    Bepul operatsiyalar mushkulmizni oson qildi.

    Shu kunlarda Prezidentimiz topshirig‘iga muvofiq, qariyb 90 milliard so‘m mablag‘ evaziga og‘ir kasalliklarga chalingan 4 mingga yaqin bemorda murakkab operatsiyalar o‘tkazilmoqda.

    Xususan, Xorazm viloyatida ham yuqori texnologik muolajalarga muhtoj yuzlab ehtiyojmand insonlar ushbu ezgu tashabbus tufayli salomatligini tiklash imkoniyatiga ega bo‘layotganidan mamnun.

    Kecha mazkur aksiya doirasida viloyatda ilk bor buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti laparoskop yordamida, kaminvaziv usulda bajarildi.

    Yuqori texnologik operatsiyaga akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirligan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining yetakchi mutaxassislari boshchilik qildi.

    Bemor — Ibrat Jumaniyozov, 26 yoshda. Shovot tumanidan. Ikki yildirki, buyragi xasta. O‘tgan yildan buyon gemodializ muolajalarini ola boshlagan. Bemorga akasi Muhammad donorlik qildi.

    — Xorijda ishlab yurgandim, — deydi Muhammad Jumaniyozov. — Yolg‘iz ukamning salomatligi yomonlashganini eshitib, darhol ortga qaytdim. Unga bir buyragimni berishga qaror qildim. Prezidentimiz topshirig‘i asosida o‘tkazilayotgan bepul operatsiyalar mushkulmizni oson qildi.

    Jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tdi. Hozir bemorning ham, donorning ham salomatligi yaxshi. Tegishli standartlar asosida tibbiy muolajalar davom ettirilmoqda.