Xorazmda izgʻib yurgan chiyaboʻrilar haqidagi xabarlarga munosabat bildirildi

    Havaskor ovchilar guruhi shakllantirilib, hurkitish ishlari olib borilmoqda.

    Ijtimoiy tarmoqlarda Urganch tumanida shoqol (chiyaboʻri)lar yurgani aytilgan videotasvirlar keng tarqalgan edi. Mazkur holat yuzasidan Xorazm viloyati Ekologiya boshqarmasi munosabat bildirdi.

    Unda aytilishicha, ushbu hudud Urganch tumani, Chandirqiyot qishlogʻi, “Baqaylar” mahallasi boʻlib, ayni vaqtda chiyaboʻrilarni hurkitish ishlari boshlab yuborilgan.

    “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonuni talablariga muvofiq muhofaza qilish choralarini koʻrish hamda inson xoʻjalik faoliyatiga zarar yetkazilishini oldini olish maqsadida havaskor ovchilar guruhi shakllantirilib, hurkitish ishlari olib borilmoqda», – deyiladi boshqarma munosabatida.