Лого Лого-пв-уз

    Xorazmda oltita yangi korxona ishga tushirildi

    Hukumat 31 Mart 2023 2721

    Davlatimiz rahbari Xorazm viloyatidagi “Yangibozor tekstil agroklaster” mas’uliyati cheklangan jamiyatining to‘qimachilik korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

    Qiymati 13 milliard so‘mdan ziyod bo‘lgan mazkur loyiha doirasida xorijdan zamonaviy uskunalar keltirib o‘rnatilgan. Yiliga 5 million dona tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish quvvati yaratilgan. Tovarlarning 65 foizini eksportga yo‘naltirish mo‘ljallangan.

    Bugungi kunda bu yerda 500 ga yaqin xotin-qizlar ishlamoqda.

    Shavkat Mirziyoyev korxonadagi ish jarayoni bilan tanishish asnosida ular bilan suhbatlashdi. Xotin-qizlar chekka tumanlarga ham ham sanoat kirib kelayotgani, o‘z uyi yaqinida shunday zamonaviy korxonada ishlayotganidan mamnunligini aytishdi.

    Shu yerda Xorazm viloyatidagi 6 ta yangi korxonani ishga tushirish marosimi bo‘ldi. Ular – Urganch shahridagi “Eko Obi hayot” korxonasi tomonidan gipsokarton mahsulotlari, Urganch tumanidagi “Zakirov” xususiy korxonasi tomonidan burama mix, Xiva gilami kombinatining ikkinchi bosqichi, Bog‘ot tumanidagi “Koba teks” korxonasi tomonidan tayyor gazlama, Urganch tumanidagi “Xorezm Solt Biznes” korxonasi tomonidan texnik tuzlar, Xonqa tumanidagi “Xorezmteks Feyshn” korxonasi tomonidan tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish loyihalaridir. Ushbu korxonalar vakillari videoaloqa orqali majmualar salohiyati haqida axborot berdi.

    Prezident Shavkat Mirziyoyev ramziy tugmani bosib, ushbu yangi korxonalarni ishga tushirdi.