Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tezkor-qidiruv xizmati hamda Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirlar natijasida Xorazm viloyati hududida yashirin va uyushgan jinoyatchilikka moyil, oʻz atrofida qonunsiz, “koʻcha” muhitini shakllantirib, fuqarolarni qoʻrqitish va zoʻravonlik orqali nazoratda ushlashga urinib kelgan bir guruh shaxslar qoʻlga olingan.

1996-yilda tugʻilgan, Urganch tumanida yashovchi, tanishlari va yoshlar oʻrtasida Jommi Darital laqabi bilan tanilgan Ahmedov Jamol Maratovich Urganch shahar markaziy dehqon bozori hududida, Urganch shahrida yashovchi, 1998-yilda tugʻilgan yigitning yoʻlini toʻsib ushlab, turli bahonalarni roʻkach qilib, ushbu yigitni hech qanday sababsiz tanasining turli joylariga urib, tan jarohati yetkazib, bezorilik jinoyatini sodir etgan.

Jabrlanuvchining ichki ishlar organlariga qilgan murojaati boʻyicha surishtiruv boshlangach, mushtumzoʻr bezori jabrlanuvchiga ruhiy va jismoniy bosim oʻtkazishga uringan. Shundan keyin Jamol Ahmedov tezkor xodimlar tomonidan ushlangan va shu yerning oʻzida uning yonlari koʻzdan kechirilganida, ogʻirligi 3 gramm boʻlgan marixuanani qonunga xilof ravishda yonida saqlab qoʻyganligi maʼlum boʻlgan va tegishli tartibda ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.

Keyingi holatda 1997-yilda tugʻilgan, Bogʻot tumanida yashovchi Maqsaboyev Artur Beganlik oʻgʻli (laqabi Malish) ilgari bezorilik jinoyati uchun sudlangan boʻlishiga qaramasdan, bundan oʻziga toʻgʻri xulosa chiqarib olmasdan, sportning boks turi bilan shugʻullanib kelayotganini boshqalardan jismoniy ustunlik sifatida baholab, 18-yanvar kuni Bogʻot tumanida yashovchi, 1998-yilda tugʻilgan yigitni yuzma-yuz gaplashish uchun oldiga chaqirganida kelmaganini sabab qilib, uning yashash xonadoniga borgan. Uning qarshiligiga qaramay uyiga kirib, tanasining turli joylariga urib, qasddan jarohat yetkazib, bezorilik jinoyatini sodir etgan.

1991-yilda tugʻilgan, Xiva shahrida yashovchi Farhodbekov Rasulbek Farhodbek oʻgʻli (laqabi Rasul qilich), kirakashlik bilan shugʻullanib kelgan. U 2026-yilning 13-yanvar kuni oʻziga oldindan tanish boʻlgan Xiva—Urganch yoʻnalishida kirakashlik qiluvchi, 1984-yilda tugʻilgan erkak boshqaruvidagi transport vositasi bilan taʼqib qilib, uning yoʻlini toʻsib toʻxtatib, avtomashinadan tushganidan keyin tanasining turli joylariga urib-tepib, qasddan jarohat yetkazgan. Bu paytda ular oʻrtasidagi janjalni toʻxtatish uchun kelgan, 1981-yilda tugʻilgan erkakni ham “Nima uchun mening ishimga aralashasan?” degan bahona bilan yuziga qoʻli bilan bir necha marotaba urib, unga ham qasddan jarohat yetkazib, bezorilik jinoyatini sodir etgan.

Uchta holatda ham oʻzidan “koʻcha” yasab olgan mushtumzoʻr bezorilarga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) 3-qismi bilan, Jamol Ahmedovga esa qoʻshimcha ravishda 276-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni oʻtkazish maqsadini koʻzlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar) 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Gumondorlar ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.

Yuqorida nomlari keltirilgan shaxslardan biron-bir tarzda jabrlangan fuqarolardan ichki ishlar organlariga murojaat qilishlari soʻraldi.