баннер
6 Apr 2025
02:00

    Yoqilgʻi sisternasini tozalayotgan yigit zaharlanib halok boʻldi

    Xorazm viloyati Shovot tumanida 21 yoshli yigit benzin sisternasini tozalash vaqtida yoqilgʻi qoldiqlari hididan zaharlanib halok boʻldi. Uni qutqarishga uringan shaxs ham hushidan ketdi, ammo omon qoldi. Hodisa yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

    Xorazm viloyatining Shovot tumanida 2004-yilda tugʻilgan yigit katta benzin sisternasining ichiga tushib, chiqolmasdan vafot etdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov xabar berdi.

    Maʼlum qilinishicha, Xorazm viloyatining Shovot tumani tibbiyot birlashmasi shifokori 27-mart kuni soat 16:00 larda IIBga murojaat qilib, tumandagi “Shohobod 2022” MCHJ benzin quyish shoxobchasining sisternasi ichida 19-20 yoshlar atrofida boʻlgan shaxs vafot etganligini bildirgan.

    Xabarda aytilishicha, “Shoxobod 2022” yoqilgʻi quyish shoxobchasi ishchi-operatori I.K. (1999-yilda tugʻilgan) avval ham 4-marta bu ishni bajarib, xizmat haqi olgan Z.R.dan sisterna ichini tozalashni soʻragan.

    Shundan soʻng Z.R. vaqti yoʻqligi uchun farzandi M.O.ni yuborgan. Fuqaro I.K. 2004-yilda tugʻilgan M.O. bilan birgalikda soat 15:30 larda benzin quyish shoxobchaning sisternasini tozalashni boshlagan.

    Ish davomida M.O. sisterna ichidagi yoqilgʻi qoldiqlari hididan zaharlanib, hushidan ketgan.

    Bu holatni I.K. koʻrib, unga yordam berish uchun sisterna ichiga tushib, M.O.ni koʻtarib chiqayotgan vaqtida oʻzi ham hushini yoʻqotishni boshlagan. Shu vaqtda I.K.ning ukasi O.O. kiyimidan ushlab tortib olgan, M.O. esa sisterna ichida hushsiz qolib ketib, vafot etgan.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech