Xorazmlik 33 yoshli ayol oʻz turmush oʻrtogʻiga buyragini berdi

    Salomatlik 19 Iyun 2021 1359

    Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining malakali mutaxassislari tomonidan markazning Xorazm viloyat filialida mahalliy shifokorlar bilan birgalikda buyrak transplantatsiyasi amaliyoti muvaffaqiyatli oʻtkazildi.

    — Markazimiz tomonidan qisqa vaqt ichida 137-marta oʻtkazilayotgan bunday noyob amaliyot ilk bor viloyatda bajarilishi tarixiy ahamiyatga ega, — deydi markaz bosh direktori Davron Tulyaganov. — Maqsadimiz chekka hududlar aholisini ortiqcha ovoragarchiliklarsiz yashash joyining oʻzida malakali tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishdir.Ochigʻi, oldinlari viloyatlarda ham odam aʼzolarini koʻchirib oʻtkazishdek murakkab jarrohlik amaliyotlari oʻtkaziladi, deyilsa ishonish qiyin edi. Bugun ana shu koʻp yillik orzu haqiqatga aylandi.

    Tibbiyot fanlari doktori Farhod Xadjibayev rahbarlik qilgan amaliyot jarayonlari qariyib besh soat davom etdi. Bogʻot tumanidan 33 yashar Yulduz Roʻzmetova oʻz turmush oʻrtogʻi 36 yashar Mardon Polvonovga bir buyragini berdi. Hozirda ularning ahvoli yaxshi.

    — Turmush oʻrtogʻim bir yildan buyon gemodializ muolajasi olib keladi. Tumanimiz viloyat markaziga uzoqligi bizga ancha noqulaylik tugʻdirardi. Hatto xorijga borib davolatishga ham rozi edik. Dunyoda falon pul turadigan amaliyot viloyatimizning oʻzida bepul amalga oshirilganidan xursandmiz, — deydi Yulduz. — Nasib qilsa, ikki farzandimizni ham ziyoli, el-yurt koriga yaraydigan insonlar qilib tarbiyalaymiz. Orzuim oʻz turmush oʻrtogʻim va farzandlarim bilan baxtli yashashdir.

    Shu kunlarda mazkur filialda ikkinchi noyob amaliyotga tayyorgarlik koʻrilyapti, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.