Xorazmlik paralimpiyachilar ham viloyat hokimi tomonidan uy bilan taqdirlanishdi

    Sport 15 Sentabr 2021 2138

    XVI Paralimpiya o'yinlarida ishtirok etgan sportchilarni o'z viloyatlarida tantanali kutib olish marosimlari davom etmoqda. Ana shunday tadbirlardan navbatdagisi Xorazmda bo'lib o'tdi. Unda sportchilari va ularning murabbiylari, ota-onalari, sportchi yoshlar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

    XVI Paralimpiya o'yinlarida bog'otlik paradzyudochi Uchqun Quronboyev oltin, shovotlik Ro'za Qo'ziyeva para pauerlifting bo'yicha kumush, bog'otlik paradzyudochi Nafisa Sharipboyeva bronza medalni qo'lga kiritdi.

    Viloyat hokimi Paralimpiya o'yinlarida yuqori natijalarga erishgan sportchi va murabbiylarni munosib taqdirladi. Paradzyudochi Uchqun Quronboyev va uning murabbiyi Alfiya Ibragimovalarning har biriga ikki xonali, pauerliftingchi Ro'za Qo'ziyeva va paradzyudochi Nafisa Sharipboyevalarga esa bir xonali uylar tantanali ravishda topshirildi.

    Sportchi va murabbiylar, ota-onalar so'zga chiqib, davlatimiz tomonidan ko'rsatilayotgan yuksak e'tibor va rag'bat uchun minnatdorlik bildirdilar, 2024 yilda Parijda bo'ladigan Paralimpiya o'yinlarida bundan ham yuqori natijalarni qo'lga kiritishga va'da berdilar.